Qashqadaryoda 23 ta, Toshkent viloyatida 32 ta maxsus texnika talon-toroj qilingan – Prezident
Jamiyat
−
10 avgust 2020
14323So‘nggi uch yilda chiqindilarni boshqarish sohasiga byudjetdan ajratilgan 390 milliard so‘m hisobiga 742 ta maxsus texnika sotib olingan, 204 ta poligon modernizatsiya qilingan. Bu haqda Prezident raisligida aholi salomatligini mustahkamlash va xavfsizligini oshirish, ekologik osoyishtalikni ta’minlash, chiqindilarni qayta ishlash tizimini takomillashtirish masalalari bo‘yicha o‘tkazilgan yig‘ilishda ta’kidlandi.
Tanqidiy ruhda o‘tgan yig‘ilishda sohada muammolar hali ko‘pligi ko‘rsatib o‘tildi. Misol uchun, Izboskan, G‘uzor, Chust, Buvayda, Urgut va Shahrixon tumanlarida tozalash xizmati qamrovi respublika ko‘rsatkichidan 2 baravar past. Toshkent viloyatida byudjet hisobidan olingan 32 ta, Qashqadaryoda 23 ta maxsus texnika talon-toroj qilingan. “Toza hudud” korxonalarining debitor qarzdorligi yuqori.
“Chiqindi tizimini tartibga solish – hayotimiz, sog‘lig‘imiz uchun eng muhim vazifalardan biri. Bu inson salomatligi va xavfsizligi, millat kelajagi bilan bog‘liq dolzarb masala”, dedi Prezident Shavkat Mirziyoyev.
Joriy yil mart oyida o‘tkazilgan yig‘ilishda sohadagi ishlar tanqid qilinib, tegishli topshiriqlar berilgan edi. Bugun ularning ijrosi ko‘rib chiqildi, qo‘shimcha vazifalar belgilandi.
Hozirda sanitar tozalash xizmatlari bilan aholini qamrab olish darajasi 66 foizni tashkil etadi. Yig‘ilishda yil yakunigacha bu ko‘rsatkichni 90 foizga yetkazish, sohaga xususiy korxonalarni keng jalb etish zarurligi ta’kidlandi.
LiveBarchasi