Qashqadaryo va Toshkent viloyatlarida 2 ta yangi GES quriladi

Jamiyat 6930
image

Qashqadaryo viloyatidagi Hisorak va Toshkent viloyatidagi Ohangaron suv omborlarida yillik 22 million kilovatt soat quvvatli 2 ta yangi kichik GES quriladi. Bu haqda bugun, 8 iyun kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev suv omborlarini modernizatsiya qilish hamda Surxondaryo viloyatida ichimlik suvi ta’minotini yaxshilash loyihalariga oid taqdimot bilan tanishish jarayonida ma’lum qildi.

2017 yilda Prezident farmoni bilan “O‘zbekgidroenergo” aksiyadorlik jamiyati tashkil etilgan edi. O‘tgan yili yana 4 ta suv ombori ushbu jamiyat boshqaruviga o‘tkazildi va ular 6 taga yetdi. Xorijiy kompaniyalarni jalb etgan holda har bir suv omborining texnik holati o‘rganib chiqildi va kechiktirib bo‘lmaydigan ta’mirlash tadbirlari belgilandi. Unga muvofiq, to‘g‘onlar, suv olish va chiqarish inshootlari ta’mirlanmoqda, nasos agregatlari tiklanmoqda.

Taqdimotda ushbu ishlar va oldindagi vazifalar haqida axborot berildi.

Davlat rahbari barcha suv omborlarini modernizatsiya qilish orqali xavfsizligini oshirish, gidromexanik uskunalar va o‘lchov qurilmalarini yangilab, tizimni raqamlashtirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

Bu orqali hamma ish jarayoni aksiyadorlik jamiyatining situatsion-tahlil markaziga onlayn ulanadi hamda yiliga qo‘shimcha 120 million kilovatt soat elektr ishlab chiqarish imkoniyati yaratiladi.

Bundan tashqari, Hisorak va Ohangaron suv omborlarida yillik 22 million kilovatt soat quvvatli 2 ta yangi kichik GES quriladi.

Kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar agentligiga suv omborlari holatini monitoring qilib, kosmik surat va ma’lumotlar bilan ta’minlash topshirildi.

Kichik gidro elektr stansiyalari qurilishiga xususiy sektorni jalb qilish, oliy ma’lumotli va o‘rta bo‘g‘in mutaxassislarini tayyorlash vazifalari ham ko‘rsatib o‘tildi.

Aholining hayot sifati va salomatligi omillaridan biri – toza ichimlik suvi. Lekin bugungi kunda Surxondaryo ahlining atigi 58 foizi markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlangan, xolos. Viloyatning janubiy tumanlari va Termiz shahrida suv mineralizatsiyasi miqdori yuqori.

Shu bois Prezident o‘tgan yili To‘palang suv omboridan tarmoq tortish tashabbusini ilgari surgan edi. Bu bo‘yicha loyiha ishlab chiqilib, ishga kirishildi. Bugungacha 47 kilometr quvur tortilib, ichimlik suvi Sariosiyo markazigacha olib borildi. Yil yakunigacha Denov va Sho‘rchi tumanlariga yetkazish rejalashtirilgan.

Loyihaga ko‘ra, bir kecha-kunduzda 200 ming kub metr suv tozalash inshooti, qariyb 400 kilometr magistral quvur tortiladi. Natijada hudud aholisini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash 90 foizga yetadi.

Davlat rahbari buning uchun tuman va mahallalar ichidagi quvurlarni ham tiklash, yangi tarmoqlar qurish va sifatli xizmatni yo‘lga qo‘yish zarurligini ta’kidladi.

Yulduz Abdurashidova
Maqolaga baho bering
Baholaganlar: 151
Reyting: 2.9
Teglar
t
×