Qasddan odam o‘ldirganlik uchun javobgarlikka tortish yoshi o‘zgaradi

Jamiyat

image
0:00
0:00
download

O‘zbekiston Prezidentining “Xotin-qizlar va bolalar huquqlarining kafolatlarini ta’minlash, qonuniy manfaatlarini himoya qilishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi muhokamaga qo‘yildi.

Loyihada Bosh prokuratura Ichki ishlar vazirligi, Adliya vazirligi va Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markaz bilan birgalikda Jinoyat va Jinoyat-protsessual kodekslariga:

•    o‘zboshimchalik bilan jazolash maqsadida shaxsga zo‘rlik ishlatish yoki zo‘rlik ishlatish bilan qo‘rqitish, urish, do‘pposlash, qiynash, azob berish yo‘li bilan yoki qonunga xilof boshqa harakatlar vositasida ruhiy, psixologik, jismoniy yoki boshqacha tarzda bosim o‘tkazish (samosud);

•    voyaga yetmaganlar jinsiy erkinligiga qarshi jinoyatlar, xususan, Jinoyat kodeksi 128- va 129-moddalari sanksiyalarini oshirish;

•    javobgarlikni og‘irlashtiradigan holatlarda qasddan odam o‘ldirganlik uchun javobgarlikka tortish yoshi 14 yosh etib belgilash;

•    o‘n sakkiz yoshga to‘lgunga qadar sodir etgan jinoyati uchun voyaga yetmagan shaxs jazoni o‘tab bo‘lganidan so‘ng sudlanmagan deb hisoblash;

•    voyaga yetmagan jabrlanuvchi yoki guvohni so‘roq qilishning umumiy davomiyligi kun davomida dam olish va ovqatlanish uchun bir soatlik tanaffusni hisobga olmaganda to‘rt soatdan oshmasligi;

•    voyaga yetmagan jabrlanuvchi, guvoh, gumon qilinuvchi yoki ayblanuvchini so‘roq qilishda voyaga yetmagan shaxs yoki uning qonuniy vakili iltimosiga ko‘ra psixolog ishtirok etishi kabi normalar bilan to‘ldirishga oid o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritishni nazarda tutuvchi qonun loyihasini ishlab chiqish taklif qilinyapti.

Xotin-fizlar va voyaga yetmaganlar huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari himoya qilinishini ta’minlash, ushbu yo‘nalishda faoliyatni amalga oshiradigan vazirlik va idoralarning qo‘shimcha vazifalarini belgilash, rahbarlariga shaxsiy javobgarlikni yuklash va boshqalar nazarda tutilmoqda.

Qarorning qabul qilinishi xotin-qizlar va bola huquqlarining himoya qilinishini ta’minlash, o‘z joniga suiqasd qilish holatlarining barvaqt oldini olish, ushbu yo‘nalishda ishlovchi davlat organlari va boshqa tashkilotlar faoliyati samaradorligini oshirish, ularning bu boradagi mas’uliyatini kuchaytirishga ko‘maklashadi.

Loyihaning ishlab chiqish jarayonida Amerika Qo‘shma Shtatlari, YeI mamlakatlari, shu jumladan Germaniya, Fransiya, Vengriya, Polsha, Daniya, MDH mamlakatlari, jumladan Rossiya, Belarus, Moldova va Qozog‘iston kabi xorijiy davlatlar amaliyoti o‘rganilgan.


Maqola muallifi

Teglar

qotillik Jinoyat kodeksi

Baholaganlar

141

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing