3 yashar bolaning qotili umrbod qamaldimi?
3-sahifa
−
30 Oktabr
12180Ijtimoiy tarmoqlarda 3 yoshli bolaning qotili umrbod qamoq jazosiga hukm qilinganligi haqida xabarlar tarqaldi. Biroq bu haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov ma’lum qildi.
Bildirilishicha, tergov natijasiga ko‘ra, ayblanuvchiga nisbatan Jinoyat kodeksining 97 (Qasddan odam o‘ldirish) va boshqa moddalar bilan ayblov e’lon qilinib, 23 oktyabr kuni jinoyat ishi mazmunan ko‘rib chiqish uchun sudga yuborilgan.
Toshkent shahar sudlarining ma’lum qilishicha, Jinoyat kodeksining 97, 25,97, 219 va 251-1-moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda ayblanayotgan S.M. (1993 yilda Farg‘ona viloyatida tug‘ilgan)ga oid jinoyat ishi Toshkent shahar sudiga joriy yilning 29 oktyabr kuni kelib tushgan bo‘lib, ayni paytda mazmunan ko‘rib chiqish uchun rasmiylashtirilmoqda.
Ma’lumot uchun, qotillik joriy yilning 9 iyul kuni Toshkent shahrining Yashnobod tumanida sodir bo‘lgan. Yakkatol ko‘chasidagi ko‘p qavatli uyda ijara asosida yashab kelayotgan 1993 yilda tug‘ilgan erkak, ushbu manzilda qonuniy nikohdan o‘tmasdan yashab kelgan ayol bilan kelib chiqqan o‘zaro janjal oqibatida, ayolning birinchi turmushidan 2021 yilda tug‘ilgan o‘g‘il farzandiga o‘tkir tig‘li jism (pichoq) bilan bir necha marotaba tan jarohatlari yetkazib, hodisa joyidan yashiringan. Bola shifoxonaga olib kelingunga qadar vafot etgan. Qotilga nisbatan “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanildi.
Eslatib o‘tamiz, mazkur voqea fonida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikeri o‘rinbosari, “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasi rahbari Alisher Qodirov murg‘ak bolaga vahshiylik qilgan inson yashamasligi kerakligini aytgandi