Qarzga botgan o‘zbekistonlik BAAdan vataniga qaytarildi
Jamiyat
−
06 avgust 2023
14613Birlashgan Arab Amirliklarida qariyb 25 ming AQSH dollari qarzi bo‘lib, qiyin ahvolda qolgan o‘zbekistonlik yurtiga qaytarildi.
Ma’lum bo‘lishicha, O‘zbekistonning Dubaydagi Bosh konsulxonasiga ushbu shahardagi “Al Rashid” shifoxonasida davolanayotgan o‘zbekistonlik M.A. respublikaga qaytarish masalasida amaliy yordam so‘rab murojaat qilgan. Vakolatxona xodimlari ushbu murojaat asosida mazkur shifoxonada bo‘lib, shifokorlar bilan uchrashgan.
Aniqlanishicha, joriy yilning 1 iyul kuni fuqaro M.A. sog‘lig‘idan shikoyat qilib shifoxonaga murojaat qilgan. Keyinchalik uning ahvoli yomonlashgani tufayli “Al Rashid” shifoxonasiga o‘tkazilgan.
Olib borilgan o‘rganishlarga ko‘ra, M.A. 2020 yil 14 yanvar kuni Birlashgan Arab Amirliklariga sayyohlik vizasi asosida kelgan. Ayni paytda u ushbu mamlakatda noqonuniy qolayotgani aniqlangan. Shu bilan birga, uni O‘zbekistonga qaytarish uchun noqonuniy yashab kelayotgan muddatda umumiy miqdori 90 ming dirham (24 800 AQSH dollari) qarzi borligi, mazkur qarzni to‘lamagan taqdirda BAA hududini tark eta olmasligi ma’lum bo‘lgan.
Bosh konsulxona xodimlarining BAA huquqni muhofaza qiluvchi va tegishli organlari bilan olib borgan muzokaralari natijasida M.A.ning barcha qarzlaridan voz kechilgan va yuzaga kelgan barcha muammolar bartaraf etilgan. Shuningdek, u O‘zbekistonga kuzatib qo‘yilgan.