Qarshi shahri hokimi o‘zini rag‘batlantirish uchun 75 mln so‘m mablag‘ ajratdi 

Jamiyat

image

Qashqadaryo viloyatining Qarshi shahri hokimi Normo‘min Xolboyev o‘zini rag‘batlantirish uchun 75 million so‘m mablag‘ ajratish haqida qaror chiqardi. Ushbu qaror “E-qaror”elektron tizimiga joylashtirilgan.

“Qarshi shahar hokimligining 2023 yildagi zaxira jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan shahar hokimligiga faoliyat samaradorligi ko‘rsatgichiga ko‘ra viloyat miqyosida “Eng tashabbuskor sektor” deb e’tirof etilgan Qarshi shahar 1-sektor rahbarini rag‘batlantirish xarajatlariga 75 (yetmish besh) mln so‘m mablag‘ ajratilsin”, deyiladi qarorda.

Qiziq tarafi mazkur hujjat joriy yilning 25 avgust kuni shahar hokimi Normo‘min Xolboyev tomonidan imzolangan.

Bu holat ko‘plab tanqidlarga sabab bo‘lganidan so‘ng shahar hokimligi munosabat bildirib chiqdi.

Hokimlik matbuot xizmatiga ko‘ra, Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 23 avgustdagi "Hududlarni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha sektorlar faoliyati samaradorligini baholash tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi 536-sonli qarori va mazkur qaror bilan tasdiqlangan "Hududlarni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha sektorlar faoliyati samaradorligini baholash tartibi to‘g‘risidagi Nizom"ga asosan “Eng namunali sektor” va “Eng tashabbuskor sektor”ni aniqlash hamda g‘olib bo‘lgan sektorlarni moddiy rag‘batlantirish tartibi belgilab qo‘yilgan.  

Mazkur tartibga ko‘ra, viloyat hokimligining 2023 yil 1 martdagi yig‘ilish bayoniga asosan 2022 yil yakuni bo‘yicha samaradorligi yuqori baholangan sektor rahbarlari orasida Qarshi shahar 1-sektor rahbari viloyatda eng yuqori ko‘rsatkichga ega sektorlar uchligiga kiritilib, "Eng tashabbuskor sektor" deb topilgan.

“Vazirlar Mahkamasining 536-sonli qarori va Prezident huzuridagi davlat xizmatini rivojlantirish agentligining 2023 yil 16 fevraldagi aloqa xati ijrosini ta’minlash maqsadida, shuningdek, viloyat hokimligining 2023 yil 24 avgustdagi viloyatda "Eng tashabbuskor sektor" deb e’tirof etilgan Qarshi shahar 1-sektor rahbarini mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan rag‘batlantirish to‘g‘risidagi ko‘rsatma xatiga asosan 1-sektor rahbarini rag‘batlantirish xarajatlari uchun belgilangan tartibda mablag‘ ajratilgani ma’lum qilinadi”, deyiladi hokimlik bayonotida.

Eslatib o‘tamiz, Normo‘min Xolboyev ushbu lavozimga 2019 yil tayinlangandi.


Maqola muallifi

Teglar

Qarshi Normo'min Xolboev

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing