Prezident Qarshidagi 20 mln dollarlik traktor zavodini borib ko‘rdi
Jamiyat
−
15:55 1300 2 daqiqa
Bugun, 21 oktyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev Qarshi shahridagi “FM World” korxonasi faoliyati bilan tanishdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, majmua Xitoyning 500 ta yirik xususiy korxonasi qatoriga kiritilgan “Jiangsu World Group” korporatsiyasi tarkibiga kiradi.

Qiymati 20 million dollar bo‘lgan loyiha to‘liq xorijiy investitsiya hisobidan moliyalashtirilib, 5 gektar maydonda joylashgan. 12 ming kvadrat metr maydonda ishlab chiqarish binolari barpo etilgan. Bu yerda 200 ta ish o‘rni yaratilib, ishlab chiqarishning ayrim jarayonlari avtomatlashtirilgan.

Ayni paytda korxonada “Nasaf” brendi ostida besh xil rusumdagi traktorlar, paxta terish mashinalari va boshqa qishloq xo‘jaligi texnikalari yig‘ilmoqda. Traktorlar GPS, avtopilot, o‘g‘itlashni boshqarish va masofadan nazorat qilish tizimlari bilan jihozlangan. Bu dala ishlarini aniq bajarish, yonilg‘i va boshqa resurslar sarfini kamaytirishga xizmat qiladi.

Korxonada dala sharoitida texnikalarga xizmat ko‘rsatish, nosozliklarni oldindan aniqlash va ulardan xavfsiz foydalanish bo‘yicha muntazam o‘quv mashg‘ulotlari ham o‘tkazilmoqda.
Traktorlarni yig‘ishda mahalliylashtirish darajasi 30 foizni tashkil etadi. Korxonaning o‘zida 138 turdagi detal va butlovchi qism ishlab chiqarilmoqda. Butlovchi qismlar ishlab chiqarishni kengaytirish va mahalliy korxonalar bilan kooperatsiyani kuchaytirish orqali mahalliylashtirish darajasini bosqichma-bosqich oshirish muhimligi qayd etilgan.

Yillik eksport hajmini 50 million dollarga yetkazish, mahsulotlarning 30 foizini qo‘shni davlatlarga yetkazib berish rejalashtirilgan.
Prezident ishlab chiqarish jarayoni va tayyor texnikalar bilan tanishgan.
“Shu paytgacha qishloq xo‘jaligi texnikalarini xorijdan olib kelardik. Bu esa tannarxga ta’sir qilardi. Qashqadaryoda fermerlarimizning ishini yengillashtiradigan zamonaviy texnikalarning o‘zimizda, o‘zimizning brendimiz ostida ishlab chiqarilishi bir paytlar orzu edi. Mahalliylashtirish – qishloq xo‘jaligidagi islohotlarimizning uzviy davomi. Bunday ishlarni izchil davom ettiramiz”, deydi davlat rahbari.
Live
Barchasi