Qarorimiz muhokama uchun yopiq – Erdo‘g‘an yana tan olinmagan davlat TDTda kuzatuvchi bo‘lganini aytdi

Olam

image

Turkiy davlatlar tashkiloti davlat rahbarlari kengashining 10-11 noyabr kunlari Samarqandda bo‘lib o‘tgan sammitida Turkiyadan bo‘lak dunyoning hech bir mamlakati tomonidan tan olinmagan Shimoliy Kipr turk respublikasini Tashkilotga kuzatuvchi sifati qo‘shish bo‘yicha qaror qabul qilingan. Bu haqda bugun, 16 noyabr kuni Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an Indoneziyaning Bali shahrida bo‘lib o‘tayotgan G20 davlatlari rahbarlari sammiti doirasidagi matbuot anjumanida ma’lum qildi. 

“Bizning Turkiy davlatlar tashkilotida Shimoliy Kipr bilan bog‘liq qarorimiz haqiqiydir. Ushbu qaror bo‘yicha hech bir davlatdan ruxsat olishimiz shart emas. Bu masala yopildi. Keyingi jarayonda salbiy yondashgan davlatlarga kerakli joyda kerakli javobni beramiz”, deydi Rajab Toyib Erdo‘g‘an.

Hozirgacha tan olinmagan Shimoliy Kipr turk respublikasining Turkiy davlatlar tashkilotiga kuzatuvchi bo‘lib qo‘shilishi haqida Erdo‘g‘andan boshqa hech bir a’zo davlat rahbari so‘z ochgani yo‘q.

Gap shundaki, Samarqanddagi sammitda Erdo‘g‘an Turkiyadan tashqari dunyoning hech bir mamlakati tan olmagan Shimoliy Kipr Turk Respublikasi Turkiy davlatlar tashkilotiga kuzatuvchi bo‘lib qo‘shilganini aytdi va buning uchun tashkilot davlatlari rahbarlariga minnatdorlik bildirdi. 

“Birodarlik qonuni talablarini bajargan holda, Shimoliy Kipr turk respublikasini [Turkiy davlatlar] tashkilotimizga kuzatuvchi davlat o‘laroq qabul qildik. Turk dunyosining ajralmas bir qismi bo‘lgan kiprlik birodarlarimizning yolg‘iz emasligini ko‘rsatib, yechim jarayoniga ham hissa qo‘shdik. Ushbu birdamlik irodasini namoyon etganingiz uchun siz, aziz birodarlarimning har biringizga alohida minnatdorlik bildiraman”, deydi Erdo‘g‘an.

Oradan ko‘p o‘tmay, Turkiya Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Mavlud Chavusho‘g‘li Erdo‘g‘anning aytganlariga tayanib, Shimoliy Kipr Turk Respublikasining Turkiy davlatlar tashkilotiga kuzatuvchi davlat sifatida qo‘shilgani haqidagi xabarni Twitter’dagi sahifasi orqali bo‘lishdi. Vazir, Anqaraning Shimoliy Kipr turk Respublikasini qo‘llab-quvvatlashni davom ettirishda qat’iyligini ta’kidlagan.

Turkiya rasmiylari tomonidan berilgan ikki bayonotdan so‘ng, O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov Shimoliy Kipr turk respublikasining tashkilotga kuzatuvchi sifatida qo‘shilganini rad etib chiqdi. 

“Sammit natijasida Shimoliy Kipr bo‘yicha alohida qaror imzolanmadi. O‘zbekiston, ayniqsa, davlat suvereniteti, mustaqilligi va hududiy yaxlitligi masalalarida xalqaro huquq normalariga qat’iy amal qiladi.

Shimoliy Kiprni mustaqil davlat sifatida tan olish haqida gap bo‘lishi mumkin emas”, deydi Norov.

Biroq, ommaviy axborot vositalari Vladimir Norovning bayonotidan qoniqish hosil qilayotgani yo‘q. Ayniqsa, xorijiy media allaqachon Turkiy davlatlar tashkiloti Shimoliy Kipr turk respublikasini Birlashgan Millatlar Tashkiloti rezolyutsiyalariga zid ravishda tan olishda ayblamoqda. 

Turkiy tilli davlatlar tashkilotining 16 noyabrgacha faoliyatini davom ettiradigan Bosh kotibi Bag‘dod Amreyev ham, yangi Bosh kotibi Kubanichbek Omuraliyev ham bunga munosabat bildirgani yo‘q. Jumladan, tashkilotning 5 a’zo mamlakat tomonidan tayinlangan vakillari – Bosh kotib o‘rinbosarlari ham chuqur sukutda. 

Gretsiya esa Shimoliy Kipr haqidagi bayonotlarni allaqachon qoralashga tushdi. 

Gretsiya Turkiya rasmiylarining xalqaro hamjamiyat tomonidan tan olinmagan Shimoliy Kipr Turk Respublikasiga Turkiy Davlatlar Tashkilotida kuzatuvchi maqomi berilishi haqidagi bayonotlarini qoralaydi. Bu haqda Gretsiya Tashqi ishlar vazirligi 11 noyabr kuni tarqatgan bayonotida aytiladi. 

"Biz turk rasmiylarining soxta davlatning Turkiy Davlatlar Tashkilotiga kuzatuvchi maqomiga ega bo‘lganligi haqidagi bayonotlarini qoralaymiz. Kipr Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi ham bu borada tegishli xabar tarqatdi. Har qanday psevdodavlat maqomini oshirishga urinish xalqaro huquq va Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xavfsizlik Kengashining 541 va 550-sonli rezolyutsiyalarini qo‘pol ravishda buzish hisoblanadi”, deyiladi hujjatda. 

Tashqi ishlar vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, Gretsiyaning pozitsiyasi barqaror va o‘zgarmasdir.  

“Biz Kipr muammosining BMT Xavfsizlik Kengashining tegishli rezolyutsiyalariga asoslanadigan va Yevropa qonunchiligiga mos keladigan adolatli va barqaror yechimga erishish, ya’ni ikki jamoali, ikki hududli federatsiya tashkil etilishini qo‘llab-quvvatlaymiz”, deya ta’kidladi vazirlik.

Gap shundaki, Kipr orolning Gretsiyaga qo‘shilishi tarafdorlari tomonidan amalga oshirilgan davlat to‘ntarishi natijasida 1974 yilda Turkiya qurolli bosqinidan beri etnik jihatdan bo‘lingan. Harbiy harakatlar natijasida Kipr hududining taxminan 37 foizi Turkiya nazorati ostida bo‘lib, Shimoliy Kipr 1983 yilda tashkil topgan va jahon hamjamiyatida faqat Anqara tomonidan tan olingan. Turkiya Shimoliy Kiprda 40 ming kishilik harbiy kontingentini saqlab turibdi. Orolning janubiy qismi asosan Kipr yunonlari yashaydigan Kipr Respublikasi nazorati ostida qoldi.

Shimoliy Kipr turk respublikasi faqat Turkiya tomonidan tan olingan va uning iqtisodiy, siyosiy va harbiy yordamiga juda bog‘liq. Kipr Respublikasi va BMT uni bosqinchi kuch deb hisoblaydi. Shimoliy Kipr Islom Hamkorlik Tashkilotiga kuzatuvchi sifatida a’zo. 

Shimoliy Kipr turk respublikasi aholisi taxminan 294 906 kishi bo‘lib, 3355 km² maydonda yashaydi. Aholining katta qismini etnik turklar tashkil etadi. Ularning anklavlarida kipr yunonlari va livanlik maronitlar ham yashaydi. Shimoliy Kipr Respublikasi poytaxti – Kipr Respublikasi va Shimoliy Kipr Respublikasi o‘rtasida bo‘lingan Lefkosa (Nikosiya) shahri. 

Shimoliy Kipr turk respublikasi Kiprning qolgan qismidan bufer zona bilan ajratilgan. Orolni ikki sektorga ajratuvchi chiziq Kiprdagi BMT tinchlikparvar kuchlari kontingenti tomonidan qo‘riqlanadi.


Maqola muallifi

Teglar

Turkiy davlatlar tashkiloti Shimoliy Kipr turk respublikasi

Baholaganlar

120

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing