Qariya Bayden Isroilga borishining ma’nosini tushuntirdi
Olam
−
18 Oktabr 2023
12751AQSH Prezidenti Jo Bayden Amerikaning yahudiy davlatini qo‘llab-quvvatlayotganini dunyo ko‘rishi uchun Isroilga kelganini aytdi. Bu haqda u Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu bilan uchrashuvdan so‘ng o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qildi.
"Men oddiy sabab bilan keldim: butun dunyo Qo‘shma Shtatlar Isroilni har qanday vaziyatda qo‘llab-quvvatlashini ko‘rib qo‘yishi kerak", degan AQSH yetakchisi.
Shuningdek, u Qo‘shma Shtatlar "bugun, ertaga va har doim" Isroil bilan birga bo‘lishini aytgan.
"Qo‘shma Shtatlar erkinlikni himoya qilish, adolatga erishish va tinchlikni qo‘llab-quvvatlash uchun siz tomonda. Bugun, ertaga va har doim. Biz sizga va’da beramiz", degan AQSH Prezidenti.
Uning qo‘shimcha qilishicha, Vashington “begunoh, tinch odamlar uchun ko‘proq fojialarning oldini olish uchun” Isroil va mintaqadagi hamkorlari bilan ishlashda davom etadi.
Shuningdek, Bayden G‘azo sektorida yuzlab odamlarning hayotiga zomin bo‘lgan shifoxonaga uyushtirilgan hujumda Isroilning aloqasi yo‘qligini da’vo qilgan.
“Men ko‘rganimdek, buni siz (Isroil) emas, balki boshqa tomon qilganga o‘xshaydi. Biroq, ko‘pchilikning bunga ishonchi komil emas”, degan AQSH yetakchisi.
Oq uy rahbari tibbiyot muassasasidagi portlashdan chuqur qayg‘uda ekanini aytgan. Bayden "shunday vaziyatga tushib qolgan begunoh falastinliklar" hayotini himoya qilish uchun barcha zarur choralarni ko‘rishga chaqirgan.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Jo Bayden bilan uchrashgan Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu Isroilning harbiy zarbalari oqibatida G‘azodagi tinch aholi jabrlanayotganini tan olgandi.
LiveBarchasi