Qarg‘a qarg‘aning ko‘zini cho‘qimaydi: Qodirov Moskvadagi musulmonlar mitingini qoralab chiqdi
Olam
−
22 iyul 2023
18405Avvalroq Rossiyaning Moskva viloyati Kotelniki va Dzerjinsk hududlarida masjidlarda huquq-tartibot idoralari xodimlari tomonidan reydlar o‘tkazilgani va bunga javoban mamlakat poytaxtida kecha, 21 iyul kuni o‘nlab musulmonlar stixiyali namoyishlar o‘tkazgani haqida xabar bergan edik. Checheniston rahbari Ramzan Qodirov ruxsatsiz o‘tkazilgan mazkur namoyishlarni qoralab chiqdi. Bu haqda u o‘zining Telegram-kanalida yozdi.
Qodirovning aytishicha, u bunday stixiyali tashabbuslarni, garchi ular yaxshi maqsadda qilingan bo‘lsa ham qo‘llamaydi. U bunday chiqishlar mavjud qonunlarni buzishi bilan bir qator salbiy oqibatlarni olib kelishini ham ta’kidlagan. Checheniston rahbari bu holatni doimgidek G‘arb bilan bog‘lagan. Uning aytishicha, g‘alayonlarni qo‘zg‘ash uchun pul to‘laydigan shaxslar mavjud bo‘lib, “G‘arb tomonidan moliyalashtiriluvchi agentlar” mamlakatdagi tartibsizliklardan foydalanib qolishi mumkin.
“Darhol aytamanki, men bunday stixiyali tashabbuslarni, garchi ular yaxshi maqsadda qilingan bo‘lsa ham, qo‘llab-quvvatlamayman. Qonunlarni buzishi bilan birga, ruxsat etilmagan mitinglar salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin. Har doim g‘alayonlarni qo‘zg‘atish uchun hamma narsani qiladigan yollanma g‘alayonchilar bo‘ladi. Haqiqatan ham bor bo‘lsa, hayron bo‘lmayman. Bu ham G‘arb tomonidan moliyalashtiriladigan xorijiy agentlar tomonidan mavzuni sun’iy ravishda bo‘rttirib yuborish uchun bahona bo‘ladi”, deydi Qodirov.
Shuningdek, u namoyishlar madaniyatli va uyushgan tarzda amalga oshirilishi kerakligini urg‘ulagan hamda provokatsiyalarga berilish salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkinligidan ogohlantirgan.
“Ha, fikr bildirish mumkin va kerak. Lekin buni madaniyatli tarzda, uyushqoqlik bilan amalga oshirish kerak, toki huquq-tartibot idoralari emas, manfaatdor organlar bunga e’tibor qaratsin. Aks holda, turli provokatsiyalarga noqonuniy usullar bilan javob qaytarsangiz, xavfli doiraga tushib qolasiz. Rossiya ko‘p millatli va ko‘p konfessiyali davlat bo‘lib, u o‘z fuqarolarining huquq va erkinliklarini himoya qiluvchi umume’tirof etilgan hujjatga asoslangan. Rossiya Federatsiyasi qonunida belgilangan mitinglarni o‘tkazish qoidalari va tartiblari mavjud. Agar buni amalga oshirsak, kutilganidek, hokimiyatni oldindan xabardor qilish va tegishli ruxsat olish kerak. Aks holda, biz muammoni yanada kuchaytiramiz va sog‘lom muloqot orqali yechim topishga yo‘l qo‘ymaymiz”, deb yozadi Qodirov.
Ma’lumot uchun, joriy yilning 20 iyul kuni ijtimoiy tarmoqlarda Moskvadagi tarixiy masjidga namoyish uchun yig‘ilishga chaqiriqlar paydo bo‘lgan. Bundan avval, joriy yilning 7 iyul kuni OMON xodimlari Kotelnikdagi masjidga namoz vaqtida bostirib kirgan va namozxonlarga qarata o‘t o‘chiruvchilar purkagichi yordamida suv sepgan. Reyddan maqsad noqonuniy migrantlarni qidirish bo‘lgani aytilmoqda. Voqeadan so‘ng bir guruh musulmonlar Putinga murojaat yo‘llab, noroziligini bildirgan.
Bundan bir hafta o‘tib esa, 14 iyul kuni Moskva viloyatining Dzjerjinsk hududida huquq-tartibot idoralari xodimlari namozxonlarning hujjatlarini tekshirish maqsadida ko‘p qavatli uyda tashkil etilgan namozxonaga kelib, ibodatni buzgan. Shuningdek, ular masjid ichiga oyoq kiyimlarini yechmay kirgani ortidan kichik janjal yuzaga kelgan.
Yuqoridagi ikki holatga nisbatan Dog‘iston va Checheniston rahbarlari Sergey Melikov va Ramzan Qodirov munosabat bildirib, masjidlarda uyushtirilgan reydlarni qoralagan.
Kechagi miting esa o‘sha voqealarga qarshi o‘tkazilgan. Namoyishlardan avval Moskva tarixiy masjidida xavfsizlik choralari kuchaytirilgan, voqea joyida politsiya va Rosgvardiya xodimlari navbatchilik qilgan. Transport departamenti esa Moskva musulmonlari “ruxsatsiz norozilik mitingi”ga chaqirilgani sababli taksi xizmatidan xodimlar bilan tushuntirish ishlarini kuchaytirishni so‘ragan.
LiveBarchasi