Qarg‘a qarg‘aning ko‘zini cho‘qidi. Isroilning ikki sobiq Bosh vaziri sudlashmoqda
Olam
−
10 yanvar 2022 7134 2 daqiqa
Isroilning sobiq Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu o‘zidan avvalgi hukumat rahbari Exud Olmertni haqorat uchun sudga berdi.
Bugun, 10 yanvar kuni Netanyaxu rafiqasi va o‘g‘li bilan Tel-Avivdagi Magistrat sudda qatnashdi. Sudda sobiq Bosh vazirning Exud Olmert ustidan shikoyati masalasi ko‘rilgan.
Exud Olmert o‘tgan yili aprel oyida mahalliy matbuotga bergan intervyusida Netanyaxuni hamda uning rafiqasi va o‘g‘lini aqliy zaiflikda ayblagan.
“Hebrew” axborot agentligiga ko‘ra, Netanyaxular oilasi Olmertdan obro‘yiga yetkazilgan zarar uchun 270 000 AQSH dollari miqdorida tovon puli undirishni umiq qilmoqda.
Netanyaxu Olmertni o‘zi va oilasining obro‘siga putur yetkazishga urinishda ayblamoqda.

O‘z navbatida, Olmert bu hatti-harakatlarini xalqning va xalqaro ekspertlarling Netanyaxular oilasi haqida aytib kelayotgan fikrining yaqqol aksi, deya oqlagan. So‘zlarining isboti sifatida u Netanyaxular oilasining aqliy sog‘lomligini tibbiy yo‘l bilan tekshirishga chaqirgan.
Bundan avval, Isroil matbuoti Binyaminning rafiqasi Sara Netanyaxuning qo‘l ostidagi sobiq xodimlariga nisbatan zo‘ravonlik va g‘azabli haqoratlari ortidan bir necha bora sudlangani haqida ma’lum qilgan.
Uning o‘g‘li Yair Netanyaxu ijtimoiy tarmoqlarda Isroil siyosatchilarini qo‘pol so‘zlar bilan haqoratlab chiqqani bilan mashhur.
Netanyaxuning o‘zi esa 2021 yil Isroilda Parlament uchun o‘tkazilgan saylovlar mobaynida firibgarlik, ishonchni suiiste’mol qilish va pora olish kabi ayblovlar qo‘yilib sudga chaqirilgan.
Bu sud ikki sobiq Bosh vazir o‘rtasidagi birinchisi emas.
Netanyaxudan oldin Bosh vazir bo‘lgan Olmert 2008 yilda o‘z o‘rnini Binyaminga bo‘shatib bergan. 2014 yilda pora olish aybi bilan sudlangan Olmert umrining 27 oyini qamoqda o‘tkazgan.
O‘tgan yili iyun oyida mamlakat partiyalari o‘rtasida o‘tkazilgan saylovda, yakka hokimlikni talab qilib kelgan "Likud" partiyasining mag‘lub bo‘lishi ortidan Netanyaxu Bosh vazirlikdan ketgan edi.
Netanyaxu hozirda Isroil parlamenti – Knessetda muxolifat yetakchisi sifatida faoliyat yuritmoqda.
Behruz Saidov
Live
Barchasi