Qanday amallar ro‘zani buzadi?

Jamiyat

image

6 may kuni O‘zbekistonga Muborak Ramazon oyi kirib keldi. Dunyo musulmonlari qatori O‘zbekistondagi musulmonlar ham Ramazon ro‘zasini tutadilar.

Ko‘pchilik ro‘zadorlar qanday hollarda ro‘za buzilishi haqida aniq ma’lumotlarga ega bo‘lmagani uchun turli taxminlarga ishonib qoladi. Shu sababdan ro‘zani buzuvchi amallar haqida ma’lumot berishni ma’qul ko‘rdik. Bu amallar orqali ro‘za buziladi va faqat qazo ro‘za tutish vojib bo‘ladi:

  • Ro‘zani safarga chiqish, kasallik, hayz-nifos va aqldan ozish kabi sabablar bilan buzilsa;
  • Odatda tanavvul qilinmaydigan narsalar, masalan, qog‘oz va loy kabilarni iste’mol qilinsa;
  • Tosh, temir, oltin, kumush va boshqa qattiq jismlarni yutilsa;
  • Zo‘rlanganlik oqibatida yeb-ichilsa;
  • Hali tong otmadi deb o‘ylab yeb-ichish yoki jinsiy aloqa qilib qo‘yilsa-yu, aslida tong otib bo‘lgan bo‘lsa yohud kun botdi degan gumon bilan og‘izni ochib qo‘ysa-yu, buning aksi bo‘lib chiqsa;
  • Og‘iz yoki burunni chayishda ehtiyotsizlik tufayli suvni ichkariga kiritib yuborsa;
  • Qasddan ko‘ngilni aynitish tufayli og‘izdan to‘lib qayd qilsa;
  • Qor yoki yomg‘ir og‘izga tushsa;
  • Tutunni qasddan hidlasa;
  • Tishlar orasida qolgan no‘xot va undan katta hajmdagi ovqat qoldig‘ini yutsa;
  • Ro‘zani unutib yeb yoki ichib qo‘ygach, endi ro‘zam ochilib ketdi degan gumon bilan tanavvulni davom ettirsa;
  • Tundan niyat qilmagani uchun ro‘zani buzsa;
  • Kun yarmidan keyin safarga chiqib, ro‘zani ochib yuborsa;
  • Niyat qilmay kun bo‘yi yemoq va ichmoqlardan tiyilib yursa;
  • Quloqqa tomizilgan yog‘ yoki suvning mazasini halqumida sezsa;
  • Burunga dori tomizsa;
  • Klizma qilsa;
  • Ayolini quchish yoki o‘pish tufayli maniy chiqsa;
  • Qorindagi yaraga qo‘yilgan dorini oshqozonga va boshdagi yaraga qo‘yilgan dorini dimog‘ga yetsa;

Yuqorida sanab o‘tilgan amallardan birini qilgan kishi Ramazonning hurmati uchun kunning qolganini o‘zini tiyish bilan o‘tkazishi zarur bo‘ladi hamda bir kuniga bir kun ro‘za tutib beradi.

Quyidagi amallar orqali ro‘za buziladi hamda qazo va kafforat vojib bo‘ladi:

  • Qasddan taom yeyish yoki ichish;
  • Uzrsiz dori-darmonlarni qabul qilish;
  • Qasddan jinsiy yaqinlik qilish;
  • Og‘izga tushgan yomg‘irni qasddan yutish;
  • Donni chaynagandan so‘ng bo‘lsa ham yutish;
  • Kunjut donini yutish;
  • Tuz iste’mol qilish;
  • Chekish;
  • Odatlanib qolgan insonni tuproq yeyishi. Agar o‘rganib qolmagan bo‘lsa, kafforat talab qilinmaydi;

Masalan:

Tuz yesa, faqat qazo ro‘za vojib bo‘ladi. Ammo tuz yeb yurish odati bor odam bo‘lsa, ham ro‘zani qazo qiladi, ham kafforat beradi. Tuz yegan ro‘zadorga ham qazo, ham kafforat vojib bo‘ladi, degan fatvolar mavjud. Binobarin, bunda ehtiyotkorlik lozim bo‘ladi (“Fatovoyi Olamgiriya”, “Xulosa”, “Sharhi nihoya”).

Birovning majbur qilishi sababli yoki ro‘zaligi esida bo‘la turib, ehtiyotsizlik bilan (masalan tahorat yoki g‘usl qilayotganida) tomoqdan suv o‘tib ketsa, qazoning o‘zi vojib, kafforat lozim emas.

Kunduzi uxlayotgan ro‘zador uyqusirab, suv ichib qo‘ysa, ro‘zasi ochiladi. Kafforatsiz, faqat qazosini tutib beradi (“Fatovoyi Olamgiriya”, “Qozixon”).

“Kafforat” tushunchasi haqida

Kafforat uch turli bo‘ladi:

  1. Qul ozod qilish. Lekin hozir qulchilik bekor bo‘lgani sababli buni bajarishning iloji yo‘q.
  2. Ketma-ket 60 kun ro‘za tutish. Bu ro‘zani tutishda orasini uzmaslik shart qilinadi. Shuning uchun ikki hayit va tashriq kunlariga to‘g‘ri kelib qolmasligi kerak.
  3. Inson o‘zi iste’mol qiladigan taom kabi yeguliklar bilan 60 ta miskinni ovqatlantiradi. Bunda kafforat berayotgan shunga ahamiyat berishi kerakki, miskinlar orasida ota-onasi, xotini va farzandlariga o‘xshash yaqinlari bo‘lmasligi lozim. Shuningdek, har bir miskinga yarim so’ (taxminan 2 kg) bug‘doy yoki uni bir so’ arpa yoki xurmo kabilardan yoxud ulardan birining qiymatini berish ham mumkin.

Maqola muallifi

Teglar

Ramazon ro'za

Baholaganlar

2659

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing