Qanday hollarda abituriyent imtihondan chetlashtiriladi?

Jamiyat

image

Joriy yilning 22 iyul kuni abituriyentlar uchun oliy ta’lim muassasasiga hujjat topshirishining so‘nggi kuni hisoblandi. Endi abituriyentlar oldida imtihon topshirish vazifasi turibdi. Abituriyentlar faqatgina fanlarni yaxshi o‘zlashtirish emas, balki imtihon jarayonida belgilangan tartib-qoidalarga rioya qilishlari ham zarur. 

Davlat test sinovlaridan imtihon topshiruvchi abituriyentlar uchun muhim eslatma: quyidagi hollarda abituriyent test sinovlari jarayonidan chetlashtiriladi va natijalari chiqarilmasligiga asos bo‘ladi:

• test sinovlari o‘tkaziladigan hududga yoki binoga kirishda mikrokalkulyator, lug‘at, jadval, kitob, uyali telefon, kompyuter, telekommunikatsiya qurilmalari va boshqa vositalar, shpargalkalar olib kirishga harakat qilsa, olib kirgan bo‘lsa yoki ulardan test sinovlari davomida foydalansa;
• test materiallarini boshqa abituriyentga uzatsa yoki ularga yordam bersa;
• test sinovlari jarayonida bir-biri bilan gaplashsa;
• test materiallarini binodan tashqariga olib chiqsa, test topshiriqlari kitobi varag‘ini yirtsa;
• test sinovlari uchun ajratilgan vaqt tugagandan so‘ng test materiallarini topshirishdan bosh tortsa;
• test sinovlari jarayonida videokuzatuvlar orqali abituriyentning tartib va qoidalarga amal qilmaganligi aniqlansa.

Shuningdek, abituriyent tomonidan topshirilgan hujjatlarning qalbakiligi aniqlansa, u holda abituriyent kirish imtihonlaridan yoki abituriyent talabalikka qabul qilingan bo‘lsa oliy ta’lim muassasasi talabalari safidan chetlashtiriladi hamda hujjatlari belgilangan tartibda huquqni muhofaza qilish organlariga yuboriladi.

Test sinovlari boshlanishiga qadar 30 daqiqagacha abituriyentlar javoblar varaqasini to‘g‘ri to‘ldirish tartibi bilan tanishishlari va uning tegishli joyiga o‘zlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni yozishlari lozim. Bu vaqt test o‘tkazish uchun ajratilgan vaqt me’yoriga kirmaydi.

Bundan tashqari javoblar varaqasi to‘g‘ri to‘ldirilishi uchun abituriyent shaxsan javobgardir. Javoblar varaqasidagi tegishli doirachalarni noto‘g‘ri belgilagan abituriyentlarning e’tirozi ko‘rib chiqilmaydi.

Shuningdek, test sinovi jarayonida abituriyent tomonidan savollar kitobi varag‘i yirtib olinganligi aniqlansa, test sinovlarini topshirish qoidalari buzilgan hisoblanadi va test sinovidan chetlashtiriladi.

Belgilangan vaqtda test sinovlariga kelmagan abituriyentlar uchun qo‘shimcha test sinovlari o‘tkazilmaydi.

Ma’lumot uchun, test sinovlari natijasidan norozi bo‘lgan abituriyent test sinovlari natijasi e’lon qilingan kundan boshlab o‘n besh kun davomida Davlat komissiyasi tomonidan tasdiqlangan apellyatsiya komissiyasiga yozma tartibda apellyatsiya shikoyati berish huquqiga ega.


Maqola muallifi

Teglar

imtihon abiturent

Baholaganlar

68

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing