Qamoqxonalardagi saylov uchastkalariga kirish osonlashtirildi — MSK raisi
Jamiyat
−
23 iyul 2021
3711Endilikda qamoqda saqlash va ozodlikdan mahrum etish joylarida hamda harbiy qismlarda tashkil etiladigan saylov uchastkalariga kuzatuvchilar birgina ariza bilan kira oladi. Bu haqda bugun, 23 iyul kuni Toshkentdagi simpoziumlar saroyida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi oldidan tashkil etilgan Markaziy saylov komissiyasi Matbuot markazining ochilish marosimida so‘zga chiqqan MSK raisi Zayniddin Nizomxo‘jayev ma’lum qildi.
“Endi qamoqda saqlash va ozodlikdan mahrum etish joylarida hamda harbiy qismlarda tashkil etiladigan saylov uchastkaliriga kuzatuvchilarning tashrif mehanizmlari soddalashtirilgan. Avvalari ruxsatnoma uchun iltimosnoma xatlari yozilgan, ana undan keyin ruxsatnoma berilgan, endilikda tashrif to‘g‘risida ariza yozishning o‘zi kifoya”, deydi qo‘mita raisi.
Shuningdek, Zayniddin Nizomxo‘jayevning ta’kidlashicha, xorijda istoqamat qilayotgan O‘zbekiston fuqarolari konsullik xisobida bo‘lishi yoki bo‘lmasligidan qat’iy nazar saylovchilar ro‘yxatiga kiritiladi. Ular o‘zining yashayotgan, ishlayotgan yeridan turib saylovda ovoz berish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Aytish joizki, O‘zbekiston saylov kodeksining 10-moddasiga binoan saylov uchastkalari saylovga kamida oltmish kun qolganida, qoida tariqasida, saylovchilar soni kamida yigirma nafardan va ko‘pi bilan uch ming nafardan oshmagan holda tuziladi. Harbiy qismlarda, O‘zbekiston Respublikasining chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida, shuningdek olis va borish qiyin bo‘lgan hududlardagi fuqarolar turgan joylarda, qamoqda saqlash va ozodlikdan mahrum etish joylarida saylov uchastkalari ana shu muddatda, ayrim hollarda esa saylovga kamida yetti kun qolganida tuziladi.
Ma’lumot uchun, bugun O‘zbekiston Prezidenti saylovi kampaniyasiga start berildi. Mamlakatda saylov 24 oktyabr kuni o‘tkazilishi e’lon qilindi.
LiveBarchasi