Qamoqdagi Saakashvili AQSHdan yordam so‘radi 

Olam

image

Gruziyaning sobiq Prezidenti Mixail Saakashvili AQSH rasmiylariga yordam so‘rab murojaat qildi. Bu haqda “Bloomberg” siyosatchining maktubiga tayanib xabar berdi.  

“Agar AQSH meni himoya qilish uchun kelmasa, bu (sobiq SSSR hududidagi) barcha siyosatchilar va g‘arbparast odamlar uchun dahshatli signal bo‘ladi”, degan Saakashvili joriy yilning 17 noyabr kuni advokatlar orqali yo‘llagan maktubida. 

Qo‘lda yozgan maktubida u qamoqxonada zo‘ravonlikka uchraganini da’vo qiladi. Ochlik e’lon qilgan sobiq Prezident Gruziya hukumati uni qamoqxonadan oddiy shifoxonaga o‘tkazishga ruxsat bermaganini aytgan. 

Avvalroq, advokatlar bilan uchrashuvda Saakashvili yiqilib, hushidan ketgani haqida xabar bergandik. Keyinroq qamoqxona shifoxonasi shifokori sobiq Prezidentning ahvoli barqarorlashgani va hozirda barcha hayotiy ko‘rsatkichlar normal ekanini aytgandi.  

Shu kuni Davlat departamenti Gruziya hukumatini Saakashviliga adolatli va munosib munosabatda bo‘lishga, davlat himoyachisining to‘g‘ri muomala bo‘yicha tavsiyalarini tinglashga va sobiq rahbarga sud majlislarida qatnashish imkoniyatini berishga chaqirdi. 

Shuningdek, Gruziya parlamentining sog‘liqni saqlash va ijtimoiy masalalar bo‘yicha qo‘mitasi rahbari Dmitriy Xundadze Saakashvilini qamoqxona shifoxonasidan xususiy klinikaga o‘tkazish zarur bo‘lishi mumkinligini istisno qilmasligini aytdi. 

Ma’lumot o‘rnida, Mixail Saakashvili joriy yilning 1 oktyabr kuni ochlik e’lon qilgan edi. Shu kuni u sakkiz yil ichida mamlakatga qilgan birinchi tashrifidan so‘ng Gruziyada chegarani noqonuniy kesib o‘tishda ayblanib, hibsga olingan. 8 noyabrdan beri Saakashvili qamoqxona shifoxonasida.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Saakashvili

Baholaganlar

150

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing