Qadrsizlanayotgan lira: Turkiya aholisi Erdo‘g‘anni qo‘llov kampaniyasini boshladi
Olam
−
24 noyabr 2021
9377Turkiya aholisi turk lirasi zaiflashganiga qaramay, ijtimoiy tarmoqlarda Prezident Rajab Toyib Erdo‘g‘an hukumatini qo‘llab-quvvatlashini bildirmoqda.
DevletiminYanindayim (“Men davlatni qo‘llab-quvvatlayman”) xeshtegi so‘nggi 24 soat ichida Twitter’da faol kuchayib bormoqda. 12 soatdan kamroq vaqt ichida deyarli 900 ming foydalanuvchi ijtimoiy tarmoqda ushbu xeshteg bilan postlar chop etgan.
Shuningdek, Twitter’da Respublikadagi iqtisodiy vaziyat yomonlashgani munosabati bilan odamlarni ko‘chaga chiqishga undayotganlar ham bor. Bunday foydalanuvchilar Sokaga (“Ko‘chaga”) xeshtegidan foydalanmoqda. Biroq, bunday foydalanuvchilar uch baravar kam — 294 ming kishi.
Savdo ma’lumotlariga ko‘ra, bugun, 24 noyabr kuni turk milliy valyutasi liraning AQSH dollariga nisbatan kursi ketma-ket uchinchi kunga pasaygan. Kecha, 23 noyabr kuni bir dollar uchun 11,38 liradan savdoni boshlagan lira kun davomida keskin ko‘tarila boshlagan bo‘lsa, bugun ertalab Turkiya milliy valyutasi bir dollar uchun 13,15 liragacha tushib ketgan.
Ma’lumot o‘rnida, liraning qulashi fonida muxolifat mamlakatning amaldagi rahbariyati iqtisodiy muammolarga dosh bera olmaydi, deb hisoblab, muddatidan oldin prezidentlik va parlament saylovlarini o‘tkazish zarurligi masalasini ko‘tardi.
Erdo‘g‘an esa muddatidan oldin saylov o‘tkazish imkoniyatini rad etib, ular 2023 yilda o‘z vaqtida o‘tkazilishini aytgan.
Avvalroq, Turkiyada liraning dollarga nisbatan keskin qadrsizlangani oqibatida mamlakatning yirik shaharlari Anqara va Istanbulda norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tgani haqida xabar bergandik.
LiveBarchasi