Jozef Votel Prezident qabulida bo‘ldi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev kecha, 20 fevral kuni Markaziy va Janubiy Osiyo mamlakatlari bosh shtablari boshliqlarining konferensiyasida ishtirok etish uchun O‘zbekistonga kelgan AQSH Qurolli Kuchlari Markaziy qo‘mondonligi qo‘mondoni general Jozef Votelni qabul qildi.

Davlat rahbari mehmonni samimiy qutlar ekan, o‘tgan yili may oyida AQSHga rasmiy tashrif davomida bo‘lib o‘tgan oliy darajadagi samarali muzokaralar mamlakatlarimiz o‘rtasidagi keng ko‘lamli strategik sheriklikda yangi davrni boshlab berganini qayd etdi.

Bugungi kunda ko‘p qirrali O‘zbekiston – AQSH munosabatlari izchil mustahkamlanib bormoqda, innovatsiyalar, sanoat, qishloq xo‘jaligi, farmatsevtika va boshqa tarmoqlarda qo‘shma dastur va loyihalar amalga oshirilmoqda. 2018 yilda o‘zaro savdo hajmi ikki barobar ko‘paydi. 

Prezident AQSH Qurolli Kuchlari Markaziy qo‘mondonligi tomonidan tashkil etilayotgan Markaziy va Janubiy Osiyo mamlakatlari bosh shtablari boshliqlarining konferensiyasi ilk bor O‘zbekiston poytaxtida o‘tkazilayotgani hamda bugungi davrning eng o‘tkir muammolaridan biri – Afg‘onistondagi qurolli mojaroni muhokama qilish va uni hal etishga yondashuvlarni birgalikda ishlab chiqish uchun maydon ekanini ta’kidladi.

Uchrashuvda O‘zbekiston bilan AQSH o‘rtasidagi harbiy va harbiy-texnik hamkorlik hamda xavfsizlik sohasidagi sheriklik masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Jozef Votel O‘zbekiston rahbariga samimiy qabul va konferensiyani Toshkentda o‘tkazish imkoniyati uchun minnatdorlik bildirdi.

AQSH Qurolli Kuchlari Markaziy qo‘mondonligi qo‘mondoni ushbu tadbir yakunida tomonlar mintaqada tinchlik va farovonlikni ta’minlash yo‘lida konstruktiv sheriklikni rivojlantirish va mustahkamlashga qaratilgan strategiyani ishlab chiqishlariga ishonch bildirdi.
 


Maqola muallifi

Teglar

O'zbekiston-AQSh Shavkat Mirziyoev Jozef Votel

Baholaganlar

14

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing