Jizzaxda 6-sinf o‘quvchisi nega vafot etdi? XTV “Ozodlik”ga raddiya bilan chiqdi
Jamiyat
−
27 fevral 2019
12311Kuni kecha “Ozodlik” radiosining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasida Jizzax viloyati Zabarobod tumanidagi 10-umumta’lim maktabining 6-sinf o‘quvchisi B.B. o‘quvchilar o‘rtasidagi mushtlashuv oqibatida shifoxonaga tushib, o‘sha yerda vafot etgani haqida xabar tarqatilgan edi.
O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi “Ozodlik”ning xabariga raddiya bilan chiqdi.
Xalq ta’limi vazirligining ma’lum qilishicha, Jizzax viloyati, Zafarobod tumanidagi 10-umumiy o‘rta ta’lim maktabi 6-sinf o‘quvchisi B.B. mushtlashuv natijasida emas, balki yurak xastaligi tufayli vafot etgan.
12 yoshdagi B.B. Zafarobod tuman poliklinikasida tug‘ma yurak parogi tashxisi bilan dispanser nazoratida turgan. Shu sababli o‘quvchi jismoniy tarbiya darslaridan ozod etilgan bo‘lib, faqat nazariy bilimlari asosida baholangan.
“Aslida, voqea unday bo‘lmagan. Maktabning 6-sinf o‘quvchilari 2-smenada o‘qishadi. Voqea esa ertalabki soat 10:40 larda sodir bo‘lgan. 2-smena esa soat 13:05 da boshlanadi. Voqea joyida biron-bir yuqori sinf o‘quvchilari ham, quyi sinf o‘quvchilari ham bo‘lmagan.
Shu kuni 6-sinfning bir guruh o‘quvchilari mahalliy stadionda o‘zlari olib kelgan koptok bilan futbol o‘ynashgan. O‘yin payti uzoqlashgan koptokning orqasidan chopib borgan B.B. yiqilgan. Mazkur voqeadan o‘quvchilar tomonidan xabar topgan maktab direktori o‘rinbosari Yu.Berdibekov tez tibbiy yordamga xabar bergan. Yetib kelgan tez tibbiy yordam xodimi o‘quvchining vafot etganini ma’lum qilgan.
Yuqorida keltirilgan masala bo‘yicha maktab rahbariyatiga ommaviy axborot vositalarining hech biri murojaat qilmagan bo‘lsada, chop etilgan maqolalarda direktor bilan bog‘lanilgani to‘g‘risida noto‘g‘ri ma’lumotlar tarqatilgan.
Xalq ta’limi vazirligi ayrim ommaviy axborot vositalarini yuz bergan fojiadan o‘zining manfaatlari yo‘lida foydalanib, tizimga oid asoslanmagan ma’lumotlarni tarqatmaslikka chaqiradi”, deyiladi XTV rasmiy bayonotida.
LiveBarchasi
Putin xalqiga murojaat qildi.
21 noyabr