Ijtimoiy tadbirkorlik davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanadi
Jamiyat
−
21:13 217 2 daqiqa
O‘zbekistonda ijtimoiy tadbirkorlik davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanadi. Bu haqda bugun, 17 avgust kuni qabul qilingan O‘zbekiston Rkrpublikasining 1168-sonli qonunida so‘z boradi. Ushbu hujjat bilan “Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risida”gi qonunga qo‘shimchalar kiritilgan.
Unga ko‘ra, tadbirkorlik sub’ektlarining ijtimoiy, ekologik muammolarni hal etishga yoki ularning oqibatlarini yumshatishga qaratilgan faoliyati ijtimoiy tadbirkorlik deb e’tirof etilishi belgilandi.
Ijtimoiy tadbirkorlikni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash quyidagi shakllarda amalga oshiriladi:
- imtiyozlar va preferensiyalar berish;
- ijtimoiy loyihalarga doir xarajatlarni subsidiyalash;
- davlat ijtimoiy buyurtmasini joylashtirish;
- moliyaviy jihatdan qo‘llab-quvvatlash;
- xodimlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish;
- maslahat berish, uslubiy yordam ko‘rsatish va axborot jihatidan qo‘llab-quvvatlash.
Qonunchilikka rioya etish bilan bir qatorda barqaror rivojlanishga hissa qo‘shgan hamda o‘z faoliyatining inson huquqlariga, atrof-muhitga va jamoat manfaatlariga nisbatan salbiy ta’sirining oldini olish uchun choralar ko‘rgan holda tadbirkorlikni amalga oshirish mas’uliyatli biznes yuritish deb e’tirof etiladi.
Tadbirkorlik sub’ekti tomonidan mas’uliyatli biznes yuritishning asosiy mezonlari quyidagilardan iborat:
- inson huquqlariga rioya etish;
- mehnatga va ishlab chiqarishga oid munosabatlar sohasida har qanday qonunga xilof amaliyotga yo‘l qo‘ymaslik;
- atrof-muhitni, o‘z xodimlarining va aholining sog‘lig‘ini muhofaza qilish, atrof-muhitga salbiy ta’sir ko‘rsatilishining oldini olish hamda uni bartaraf etish va boshqalar.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda tadbirkorlar ayrim faoliyat turlarini litsenziya yoki ruxsatnoma olmasdan turib 3 oy davomida amalga oshirishi mumkin bo‘lishi haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi