Iyun oyida narx-navo 0,2 foizga pasaydi
Jamiyat
−
01 iyul 2020
61012020 yilning iyun oyida iste’mol narxlari va tariflari darajasi oy davomida o‘rtacha 0,2 foizga pasaydi. Bu haqda Davlat statistika qo‘mitasi xabar berdi.
Meva va sabzavot narxlarining o‘zgarishini hisobga olmaganda, ushbu ko‘rsatkich darajasi 0,5 foizni tashkil etgan.
2020 yilning yanvar-iyun oylari davomida iste’mol bozoridagi narxlar va tariflar o‘rtacha 4,6 foizga ko‘tarildi.
Yillik davrda esa (2019 yilning iyuniga nisbatan) tovarlar va xizmatlar narxlarining o‘rtacha o‘sish sur’ati 14,2 foizni tashkil etdi.
O‘rtacha oylik INI o‘sishini hisoblash natijalariga ko‘ra, 2020 yilning birinchi yarim yilligi davomida ushbu ko‘rsatkich 0,8 foizni, 2019 yilning shu davrida esa 0,9 foizni tashkil etgan.
2020 yilning iyun oyida yillik umumiy INI o‘tgan oyning shu ko‘rsatkichiga nisbatan 0,2 punktga oshdi (14,0 foizdan 14,2 foizgacha). Shu bilan birga, o‘tgan yilning iyun oyiga nisbatan 2020 yilning iyun oyidagi natija 2019 yilning iyun oyidagi ko‘rsatkichga nisbatan 0,6 punktga baland bo‘ldi (14,2 foizga qarshi 13,6 foiz).
Bozorlarning yangi meva-sabzavot mahsulotlari hosili bilan to‘yinganligi sababli ushbu tovarlar guruhi umumiy narxlarining pasayishiga olib kelib, natijada joriy yilning iyun oyida oziq-ovqat mahsulotlarining iste’mol narxlari indeksi (INI) 98,8 foizni tashkil etdi.
Oy davomida nooziq-ovqat mahsulotlar va xizmatlar narxlari 0,6 foizga qimmatlashdi.