Iyul oyi oxirida Zaparoje AESga hujum uyushtiriladi – Ukraina razvedkasi

Olam

image

Rossiya qo‘shinlari joriy yilning iyul oyi oxirida Zaparoje atom elektr stansiyasiga qurolli provokatsiya uyushtirishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Ukraina Bosh razvedka boshqarmasi xabar berdi.

Razvedka hisobotiga ko‘ra, Rossiya Federal xavfsizlik xizmati xodimlari o‘rtasida Zaparoje AESga qurolli hujum tayyorlanayotgani haqdagi xabarlar tarqalmoqda.

Qayd etilishicha, hujum harakati iyul oyining oxirlariga rejalashtirilgan va unda maxsus “hujum otryadlari” va “Ukrainaning ko‘ngilli harbiy bo‘linmalari” ishtirok etadi.

Ukraina razvedkasining taxminiga ko‘ra, tarqatilayotgan bunday xabarlar Rossiya atom elektr stansiyasida yirik avariya sodir bo‘lishiga olib keluvchi soxta bayroq ostidagi hujumni tashkillashtirayotganini anglatishi mumkin. Mamlakat razvedkasi Rossiya Ukrainani aybdor qilish uchun provakatsiya uyushtirmoqchi ekanini da’vo qilmoqda.

Ma’lumot uchun, bir qancha vaqtdan buyon ikkala tomon ham bir-birini Zaparoje AESda terakt tayyorlayotganlikda ayblab kelmoqda. Xususan, shu oyning boshida Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy rossiyalik harbiylar Zaporoje atom elektr stansiyasining bir nechta energobloklari tomiga “portlovchi moddalarga o‘xshash buyumlar” o‘rnatganini da’vo qilgandi. “The Time” nashrida e’lon qilingan maqolada ham Putin Zaporoje AESni portlatmoqchi ekani aytilgandi. O‘z navbatida, Rossiya ham AES atrofidagi vaziyatni keskin deya baholab, Ukrainani qo‘poruvchilik harakatini sodir etishga tayyorlanayotganlikda aybladi. MAGATE tashkiloti xodimlari esa Zaporoje atom elektr stansiyasida portlovchi buyumlar o‘rnatilgani bo‘yicha hech qanday alomatlarni aniqlamadi.


Maqola muallifi

Teglar

hujum Zaparoj'e AES Ukraina razvedkasi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing