Italiyada yirik mafiya guruhlari birlashmoqda
Olam
−
28 may 11441 2 daqiqa
Italiya mafiyasi so‘nggi yillarda narkotik savdosi, fohishalik va pul yuvish sohalarida o‘zaro raqobatdan ko‘ra hamkorlikka ustuvorlik bermoqda. Bu haqda Italiya Milliy antimafiya boshqarmasining (DIA) kecha, 27 may kuni e’lon qilingan yillik hisobotiga tayanib, “Reuters” xabar berdi.
Hisobotga ko‘ra, Sitsiliyadagi “Koza Nostra” hamda Neapoldagi “Kamorra” to‘dalari nafaqat Italiya ichida, balki xorijda ham ittifoqlar tuzmoqda, Kalabriyadagi “Ndrangeta” esa tobora ko‘proq davlat infratuzilma loyihalarini nazoratga olishga urinmoqda.
“O‘zaro hamkorlik mafiya guruhlari o‘rtasida barqaror sinergiya shakllanishiga sabab bo‘lmoqda”, deya izohlagan ushbu holatni DIA direktori Mikele Karbone.
Hisobotda mafiyaning Yevropa Ittifoqining pandemiyadan keyingi Tiklanish fondi, Sitsiliya bilan materikni bog‘laydigan ko‘prik qurilishi hamda 2026 yilgi qishgi Olimpiadaga tayyorgarlik kabi yirik va davlat tomonidan moliyalashtirilayotgan loyihalarga kirib borishga urinayotgani alohida ta’kidlanadi. Jumladan, 2024 yilda qurilish sohasida mafiya ta’sirini bartaraf etish bo‘yicha ma’muriy choralar qo‘llanilgan holatlarning 38 foizi aynan shu soha hissasiga to‘g‘ri kelgan. Bu doirada 200 ta qurilish ob’ektida tergov ishlari boshlangan.
Hisobotda aytilishicha, mafiya guruhlari zamonaviy texnologiyalardan faol foydalanmoqda: ular shifrlangan aloqa kanallari orqali muloqotda bo‘ladi, qamoqdagi a’zolar bilan dronlar yordamida aloqa qiladi, shuningdek, Xitoyning “yerosti bank tizimlari” orqali pul yuvish holatlari tobora kengaymoqda.
Bundan tashqari, hisobotda ijtimoiy jihatdan himoyasiz yoshlarga ta’sir o‘tkazish va ularni jinoyatga jalb qilish tendensiyasi kuchayib borayotgani haqida ogohlantiriladi. Mafiya bu yoshlarni “bolalar to‘dalari”ga aylantirib, ijtimoiy tarmoqlardagi videolar orqali ularni o‘z safiga jalb qilmoqda.
Shunday qilib, Italiya mafiyasi nafaqat an’anaviy jinoyat faoliyatini davom ettirmoqda, balki zamonaviy texnologiyalar, yirik moliyaviy oqimlar va yosh avlodni jalb qilish orqali strategik darajada transformatsiyalanmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Italiyaning Palermo shahrida mafiyaga qarshi o‘tkazilgan keng ko‘lamli operatsiya davomida 180 ga yaqin kishi hibsga olingandi. Ular giyohvand moddalar savdosi, noqonuniy qurol saqlash, qotillikka urinish, tovlamachilik va onlayn qimor o‘yinlarida ayblangan.
Live
BarchasiNamanganda yana zilzila bo‘ldi
06 dekabr