Italiyada dunyodagi eng uzun osma ko‘prik quriladi

Olam

image

Joriy yilning 6 avgust kuni Italiya hukumati dunyodagi eng uzun osma ko‘prik qurilishi loyihasini ma’qulladi. U Sitsiliya orolini Yevroosiyo materigi bilan bog‘laydi. Bu haqda “Associated Press” xabar berdi.

Nashrning yozishicha, Messina bo‘g‘ozidan o‘tuvchi ko‘prikning umumiy uzunligi qariyb 3,7 kilometr bo‘ladi, osma qismi esa 3,3 kilometrni tashkil etadi. Bu hozirgi kunda eng uzun bo‘lgan Turkiyadagi Chanoqqal’a ko‘prigidan 1 277 metrga uzun. Ko‘prikda har ikki yo‘nalishda uchta avtomobil yo‘lagi va ikki qator temiryo‘l bo‘ladi. Bu Italiyaga Qurolli kuchlarni Sitsiliyaga tezroq eltishga imkon beradi.

Italiya Infratuzilma vaziri Matteo Salvinining so‘zlariga ko‘ra, qurilish qiymati 13,5 milliard yevroga baholanmoqda. “Politico” nashirga ko‘ra, Italiya hukumati ko‘prikni strategik ahamiyatga ega deb ko‘rsatishga, shuningdek, uning qurilish xarajatlarini NATO mudofaa xarajatlariga kiritishga harakat qilmoqda. Joriy yilning iyun oyi oxirida alyans mamlakatlari mudofaa xarajatlarining maqsadli ko‘rsatkichini YAIMning 5 foizigacha oshirishga kelishib olgandi. Shundan 1,5 foizi ko‘prik qurilishi kabi qo‘shimcha xarajatlarga to‘g‘ri keladi.

Biroq Yevropa Ittifoqining yuqori martabali vakili “Politico”ga bergan izohida hozircha bu ko‘prik harbiylarning harakatini ta’minlash uchun ustuvor loyiha sifatida ko‘rilmayotganini aytgan.

Messina bo‘g‘ozining eng tor joyi qariyb 3 kilometr bo‘lib, uni ko‘prik orqali bog‘lash g‘oyasi Rim imperiyasi davridayoq paydo bo‘lgan. Biroq XIX, XX va XXI asrlardagi, xususan, Benito Mussolini davridagi ko‘plab loyihalar reja darajasidan nariga o‘tmagan. 2005 yilda Silvio Berluskoni hukumati loyihani qayta tiklashga uringan, biroq oradan bir yil o‘tib, uni Romano Prodi hukumati bekor qilgan. 2009 yilda Berluskoni hukumati ishlarni yana davom ettirgan. “Spiegel” jurnali bu loyihani “Berluskonining orzusi” deb atagan, uning ikkinchi bosh vazirlik davrida esa “zamonaviy mo‘’jizalar”dan biri sifatida tasvirlangan. Biroq 2011 yilgi iqtisodiy inqirozdan so‘ng loyiha yana to‘xtatilgan.

Amaldagi Jorjiya Meloni hukumati esa uni 2023 yilda qayta jonlantirdi. Italiya rasmiylari ko‘prikka berilgan yangi “strategik ahamiyatga ega” maqomi xarajatlardan tortib, seysmik xatarlar va aholini ko‘chirishdagi qiyinchiliklargacha bo‘lgan to‘siqlarni yengib o‘tishga yordam berishini bildirmoqda.

Qurilishni Panama kanali kengaytirishida ishtirok etgan Italiya kompaniyasi Webuild boshchiligidagi konsorsium amalga oshiradi. Mintaqadagi eng muhim transport yo‘lagi bo‘lishi kutilayotgan ko‘prik 2032-2033 yillarda ochilishi rejalashtirilgan. Qurilish esa joriy yilning sentyabr-oktyabr oylarida boshlanishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi mamlakat shimolidagi Jammu va Kashmir viloyatida Chenab daryosi ustidagi dunyodagi eng baland temiryo‘l ko‘prigida harakatni ochgandi. Himolay tog‘lari etaklarida Chenab daryosi ustida qurilgan ko‘prik uzunligi 1,3 km bo‘lib, uning markaziy qismi 467 metr, daryo yuzasidan 359 metr balandlikda joylashgan bo‘lib, u sayyoradagi eng baland temiryo‘l ko‘prigi hisoblanadi.


Maqola muallifi

Teglar

Italiya eng uzun osma ko'prik

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing