Italiyada “britaniyalik” koronavirusga o‘xshash yangi tur aniqlandi
Olam
−
29 dekabr 2020
3629Italiyada olimlar koronavirusning yangi shtammini aniqlashdi. U Buyuk Britaniyada faol tarqalayotgan koronavirus turiga juda o‘xshash ekani aytilmoqda. Bu haqda "La Repubblica" nashri xabar bergan.
"Mamlakatda "britaniyalik" koronavirus turiga o‘xshash virus tarqalmoqda", degan Italiya Virusologlar uyushmasi rahbari Arnaldo Karuzo.
Mutaxassislarning fikriga ko‘ra, ushbu shtamm Apennin orollarida 2020 yil avgustidan beri aylanib kelmoqda.
Qayd etilishicha, koronavirusning ushbu turi bahorda COVID-19 ga chalingan bemorda aniqlangan.
"Bemor sog‘aygandan keyin ham unda virusga musbat natija aniqlanavergan. Ushbu barqarorlik sababini tushunish uchun biz virusni o‘rganishga qaror qildik va "britaniyalik" variantga o‘xshash yangi turni aniqlaganimizni angladik", deb tushuntirgan Karuzo.
Uning qo‘shimcha qilishicha, koronavirusga qarshi vaksinalar ushbu shtammga qarshi samarali bo‘lishi kutilmoqda.
Avvalroq, koronavirusning yangi turi sentyabr oyida Buyuk Britaniyada paydo bo‘lib, noyabr oyining o‘rtalarida faol tarqalishni boshlagani haqida xabar bergan edik. Ko‘rilayotgan choralar fonida London aholisi shahar tashqarisiga chiqib ketishga harakat qilib, temir yo‘l stansiyalarida to‘plangan. Buyuk Britaniyada koronavirusning yangi turi aniqlanganidan so‘ng, 20 dan ortiq davlat ushbu mamlakat bilan transport aloqalarini to‘xtatdi. Yo‘lovchi tashishni taqiqlash qaysidir davlatda yil oxirigacha, qayerdadir yanvar oxirigacha amal qiladi. Buyuk Britaniyaning o‘zida karantin cheklovlari maksimal darajaga ko‘tarildi.
LiveBarchasi