Italiya va O‘zbekiston Samarqandda qo‘shma investitsiya forumini o‘tkazadi

Jamiyat

image

Bugun, 9 iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Italiyaning Milan shahrida Lombardiya gubernatori Attilio Fontana bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Uchrashuv avvalida Shavkat Mirziyoyev Attilio Fontanani gubernator etib qayta saylangani bilan tabriklagan va ushbu lavozimdagi faoliyatiga muvaffaqiyat tilagan.

Suhbat chog‘ida savdo-iqtisodiy sohadagi o‘zaro manfaatli hamkorlikning amaliy jihatlari muhokama qilingan.

Aytilishicha, o‘tgan yilda O‘zbekiston hududlarining Lombardiya bilan tovar ayirboshlash hajmi 83 foizga oshgan. Joriy yilning aprel oyida esa Milan va Toshkent o‘rtasidagi aviaqatnovlar qayta tiklangan. Lombardiyaning yetakchi kompaniyalari bilan mustahkam sheriklik aloqalari yo‘lga qo‘yilgan.

Shavkat Mirziyoyev qo‘shma savdo va investitsiya loyihalari portfelini kengaytirish, Italiyaning ilg‘or texnologiya va bilimlarini O‘zbekiston iqtisodiyoti tarmoqlariga yanada keng jalb qilish muhimligini ta’kidlagan.

Shuningdek, Lombardiya bilan keng ko‘lamli hamkorlik dasturini tez fursatda tayyorlash, Samarqandda qo‘shma investitsiya forumini o‘tkazish zarurligi ko‘rsatib o‘tilgan.

Sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish, tadbirkorlik tashabbuslarini ilgari surish uchun qulay sharoitlar yaratish, tibbiyotda davlat-xususiy sheriklik loyihalarini amalga oshirish, innovatsiyalarni rivojlantirish, madaniy-gumanitar aloqalarni kengaytirish, shu jumladan Madaniyat kunlarini o‘tkazish masalalariga alohida et’tibor qaratilgan.

Gubernator Lombardiya ishbilarmon doiralarining O‘zbekistondagi loyiha va tashabbuslari har tomonlama qo‘llab-quvvatlanayotgani uchun Prezident Mirziyoyevga minnatdorlik bildirgan. O‘zbekiston hududlari bilan keng ko‘lamli va o‘zaro manfaatli sheriklikka ko‘maklashishga tayyorligini ta’kidlagan.

Uchrashuv yakunida O‘zbekiyaton rahbari Attilio Fontanaga 2026 yilda Lombardiyada bo‘lib o‘tadigan qishki Olimpiya o‘yinlariga tayyorgarlik ko‘rishda muvaffaqiyat tilagan.

Ma’lumot uchun, Italiya shimolida joylashgan Lombardiya mamlakatning aholi soni va maydoni bo‘yicha eng yirik hamda iqtisodiy jihatdan eng rivojlangan hududlaridan biri hisoblanadi. Viloyat respublika YAIMining 22 foizini ta’minlaydi va bu ko‘rsatkich bo‘yicha Yevropa Ittifoqida beshinchi o‘rinni egallaydi. 

Eslatib o‘tamiz, kecha, 8 iyun kuni Shavkat Mirziyoyev Rimda Italiya Prezidenti Serjo Mattarella va Bosh vazir Jorjia Melonilar bilan ham uchrashib, muzokaralar olib borgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev O'zbekiston Milan Italiya

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing