Italiya va Fransiyada dovul tufayli 8 kishi halok bo‘ldi (video)
Olam
−
19 avgust 2022
5058Italiya va Fransiyada bir necha kun davom etgan dovul va bo‘ronlar sakkiz kishining hayotiga zomin bo‘ldi. Bu haqda “Assosiated Press” nashri xabar bergan.
Korsika orolida shamol tezligi soatiga 220 kmga yetgan, 45 mingga yaqin xonadon elektr ta’minotisiz qolgan. Bu haqda Fransiya Meteorologiya xizmati ma’lumot berdi.
Mahalliy hokimiyat ma’lumotlariga ko‘ra, Korsikada olti kishi halok bo‘lgan, yana o‘nlab kishilar jarohatlangan, 12 kishi esa shifoxonaga yotqizilgan. Ma’lum bo‘lishicha, ulardan birining ahvoli og‘ir.
Italiyaning Toskana shahrida bo‘ron tufayli daraxtlar qulashi oqibatida ikki kishi halok bo‘lgan, to‘rt kishi esa jarohatlangan.
Bundan tashqari, Venetsiya shahrida kuchli shamol Avliyo Mark cherkoviga zarar yetkazgan. Buning oqibatida sayyohlar evakuatsiya qilinib, sayyohlik hududi o‘rab olingan.
Italiya shimolida kuchli shamol elektr tarmog‘iga shikast yetkazgani uchun temir yo‘l liniyasi yopilgan.
Ma’lumot o‘rnida, so‘nggi kunlarda G‘arbiy Yevropada bo‘ronlar kuzatilmoqda, markaziy va sharqiy Yevropada esa rekord darajadagi issiqlik va qurg‘oqchilik davom etmoqda.
Farangiz Salimova