Italiya ukrainalik yuzlab bolalarning vatanga qaytishiga ruxsat bermayapti
Olam
−
12 iyun 2566 2 daqiqa
Italiya 2022 yilda urush sabab Italiyaga evakuatsiya qilingan 300 dan ortiq ukrainalik voyaga yetmaganlarning mamlakatiga qaytishiga ruxsat bermayapti. Bu haqda CNN xabar berdi.
Mojaro 15 yoshli Sasha ismli o‘smir bilan bog‘liq holatdan so‘ng yanada keskinlashgan. Ma’lum qilinishicha, uning onasi farzandining qaytishini istayotganiga qaramay, Italiya sudi bolani italiyalik oila tomonidan farzandlikka olishga ruxsat bergan. Oqibatda bu masala ikki davlat o‘rtasidagi xalqaro bahsga aylangan.
“Italiya rasmiylari bolalarning taqdiri bo‘yicha Kiyev bilan yetarli darajada hamkorlik qilmayapti hamda ukrainalik mutasaddilarning bolalar holatini nazorat qilishiga to‘sqinlik qilmoqda”, deydi Ukraina Ombudsmani Dmitriy Lubinets.
Uning fikricha, urush boshida amalga oshirilgan evakuatsiya vaqtinchalik chora bo‘lgan va bolalar xavfsiz hududlarga qaytarilishi kerak.
Masalaning ildizi 2022 yilga borib taqaladi. Rossiyaning keng ko‘lamli bosqini boshlanganidan keyin Ukrainaning Sumi shahridagi bolalar uyi direktori Lyubov Rudika qaramog‘idagi 25 nafar bolani Italiyaga olib ketgan. U bolalar bir muddat xavfsiz joyda yashab, keyinchalik Ukrainaga qaytadi deb hisoblagan. Biroq Italiyaga yetib kelganidan ko‘p o‘tmay, bolalarga italiyalik qonuniy vasiylar tayinlana boshlagan. Italiya hukumati Rudikani bolalarning rasmiy vasiysi sifatida tan olmagan va ularni qarovsiz voyaga yetmaganlar sifatida ro‘yxatdan o‘tkazgan. Natijada bolalar Italiya qonunchiligi himoyasiga o‘tgan.
Italiyalik advokat Roza Emanuela Lo Faroning so‘zlariga ko‘ra, ayrim bolalar Ukrainadagi hayotidan deyarli uzilib qolgan. Vaqt o‘tishi bilan ular ukrain tilini va urf-odatlarini unutib, Italiya muhitiga moslashib bormoqda. Shu sababli sudlarda bolalarning fikrini aniqlash ham tobora murakkablashmoqda.
2023 yilda Ukraina hukumati evakuatsiya qilingan bolalarni mamlakatning nisbatan xavfsiz hududlariga qaytarishga qaror qilgan. Biroq Italiya sudlari har bir bolaning ishini alohida ko‘rib chiqqanligi sababli natijalar turlicha bo‘lgan. Ayrim bolalar Ukrainaga qaytgan bo‘lsa, boshqalari Italiyada qolgan.
Eng ko‘p muhokama qilinayotgan holatlardan biri Sasha bilan bog‘liq. Uning ikki nafar singlisi Ukrainaga qaytarilgan, biroq Sasha Italiyada qolgan va keyinchalik uni tarbiyalab kelgan oila tomonidan farzandlikka olingan. Ukrainadagi qarindoshlari esa o‘smirning vatanga qaytishini istashlarini bildirgan.
BMT Qochqinlar agentligi urush davom etayotgan sharoitda bolalarni Ukrainaga qaytarish faqat ixtiyoriy ravishda va bolaning manfaatlari hisobga olingan holda amalga oshirilishi kerakligini ta’kidlagan.
Ukraina ma’lumotlariga ko‘ra, 2022 yilda 4,8 mingdan ortiq bola Yevropaning turli davlatlariga evakuatsiya qilingan. Hozirda esa yuzlab bolalarning Ukrainaga qaytishi bo‘yicha Italiya, Germaniya va Avstriya bilan huquqiy bahslar davom etmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy AQSHning maxsus vakillari Stiv Uitkoff va Jared Kushner bilan suhbat o‘tkazib, diplomatik jarayonni faollashtirish va Rossiya–Ukraina urushini tugatish yo‘llarini muhokama qilgandi.
Live
Barchasi