Italiya sport vaziri mamlakat futboli taqdiri haqida gapirdi
Sport
−
04 may 2020
4645Italiyadagi futbol klublari 18 mayga qadar mashg‘ulotlarni qayta tiklay olmaydi. Bu haqda Italiya sport vaziri Vinchenso Spadafora Facebook’dagi sahifasi orqali ma’lum qildi.
Bugun, 4 maydan boshlab mamlakatda karantin choralari kuchaytirildi. Avvalroq, Italiyaning bir nechta futbol jamoasi ba’zi cheklovlar sharti bilan mashg‘ulotlar boshlashini e’lon qilgan edi.
“G‘alati narsalarni o‘qishimizga to‘g‘ri kelmoqda. Ammo futbol haqida hech narsa o‘zgarmaydi: jamoalar 18 mayga qadar mashg‘ulotlarni boshlash huquqiga ega emaslar”, deb yozdi sport vaziri.
Mart oyi boshida Italiya chempionati koronavirus pandemiyasi tufayli to‘xtatildi. Turnirda 26 turdan so‘ng 63 ochko bilan Turinning “Yuventus” jamoasi peshqadamlik qilmoqda. Ikkinchi o‘rinda Rimning “Latsio” klubi (26 o‘yindan keyin 62 ochko) va uchinchi o‘rinda Milanning “Inter” jamoasi (25 o‘yindan keyin 54 ochko) bormoqda.
Italiyada koronavirus bilan 210 mingdan ortiq kasallanish holati qayd etilgan, 28 mingdan ortiq odam vafot etgan.