“Norboyeva sabab “qo‘rqinchli” familiyalar bilan tanishdik” – SSP raisi
Jamiyat
−
05 fevral 2020
20325“Bugun O‘zbekiston Xalqaro mehnat tashkiloti bilan hamkorlikda majburiy mehnatga qarshi amalga oshirayotgan ishlar uchinchi bosqich hisoblanadi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. XMT bilan hamkorlikdagi birinchi bosqichni yaxshi eslayman. O‘shanda Prezident Shavkat Mirziyoyev Bosh vazir lavozimida edi. Bir yil ichida 2 milliondan ortiq maktab o‘quvchisini paxta dalalaridan olib chiqqandik. Qolgan jarayonlarni o‘zingiz yaxshi eslaysiz”, deydi Savdo-sanoat palatasi raisi Adham Ikramov.
Bugun, 5 fevral kuni “Islohotlarni qo‘llab-quvvatlash yo‘lida munosib mehnatni ta’minlash” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tgani haqida xabar qilgandik. Unda Savdo-sanoat palatasi raisi Adham Ikramov o‘tgan davr mobaynida mehnatni tartibga solishda O‘zbekistonda amalga oshirilgan ishlar, majburiy mehnatga qarshi kurashgan mustaqil fuqarolik jamiyati vakillari haqida so‘zladi.
“Senat raisi Tanzila Norboyeva sabab 2017 yilda biz uchun “qo‘rqinchli” bo‘lgan Shuhrat Ganiyev, Yelena Urlayeva (inson huquqlari faollari) va boshqa familiyalar bilan tanishdik. Ularga ham O‘zbekistonda majburiy mehnatga qarshi qilgan xizmatlari uchun alohida rahmat aytamiz. O‘tgan yillar davomida ularda vatanparvarlik hissi ortdi”, deya tadbirda nutq so‘zlagan mustaqil fuqarolik jamiyati a’zolariga o‘z tashakkurini bildira turib.
Ikramov, shuningdek, Prezidentning Parlamentga yo‘llagan murojaatnomasida aytilgan ko‘rsatmalar bo‘yicha, tadbirkorlarga yetarli sharoitlar yaratish va ularning faoliyatini olib borishlariga ko‘mak berishda Savdo-sanoat palatasining o‘rni muhimligi haqida so‘z yuritdi.
O‘tkazilgan tadbirda BMTning O‘zbekistondagi doimiy koordinatori Helena Frezer, Xalqaro mehnat tashkilotining Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy direktori Hayns Koller, Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi elchisi Eduard Striprays, AQSH O‘zbekistondagi elchisi Daniel Rozenblyum, Germaniyaning O‘zbekistondagi elchisi Gyunter Overfeld, Shveysariyaning O‘zbekistondagi elchisi Olive Shav, Buyuk Britaniyaning O‘zbekistondagi elchisi Tim Torlot, Jahon bankining O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Xideki Mori va boshqa nufuzli mehmonlar qatnashdi.
Senat raisi Tanzila Norboyevaning o‘tgan davrdagi majburiy mehnatning har qanday turiga qarshi kurashish, jamiyatda gender tenglikni ta’minlash va Parlamentning jamiyat oldidagi nufuzini oshirishda qo‘shgan hissalari tahsinga sazovor. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev yangi Senatning birinchi yalpi majlisidagi nutqida ham aytgan edi. Bugungi tadbir ishtirokchilari ham buni bir necha bor takrorlashdi.
LiveBarchasi