Iste’foga chiqqan Prezident Meksikadan boshpana topdi
Olam
−
12 noyabr 2019
4834Boliviya Prezidenti lavozimidan iste’foga chiqqan Evo Morales Meksikaga uchayotganini va unga siyosiy boshpana berilganini ma’lum qildi.
"Birodarlar va opa-singillar, men Meksikaga uchyapman. Bizning hayotimizni saqlab qolish uchun boshpana bergan ushbu qardosh mamlakatning beg‘araz hukumatiga minnatdorchilik bildiraman", deb yozdi u Twitterda.
Moralesning ta’kidlashicha, u "siyosiy sabablarga ko‘ra mamlakatdan chiqib ketayotganidan xafa". "Tez orada men yangi kuch va quvvat bilan qaytaman", deya qo‘shimcha qildi u.
Meksika tashqi ishlar vaziri Marselo Ebrard Morales samolyotda ekanligini tasdiqladi. "Meksika havo kuchlariga tegishli samolyotda Evo Morales uchib ketdi”, deb yozdi Twitter’dagi sahifasida.
Xalqaro anjumanlarga ko‘ra, uni Meksika himoya qiladi. Uning hayoti va sog‘lig‘i xavf ostida emas.
Avvalroq, Meksika tashqi ishlar vaziri Marselo Ebrard Boliviya Prezidenti Evo Moralesga siyosiy boshpana berishga tayyorligini bildirgandi.
Ma’lumki, Meksika birinchi bo‘lib Moralesni Prezidentlik saylovidagi g‘alabasi bilan tabriklagan.
Eslatib o‘tazmiz, Boliviya Prezidenti Evo Morales iste’foga chiqishini ma’lum qilgani haqida xabar bergan edik.
Shuningdek, Boliviya mudofaa vaziri Xaver Savaleta ham 11-noyabr kuni iste’foga chiqishga qaror qilganini e’lon qildi.
Shahnoza To‘ramurotova