Istanbulning 1,5 mln aholisi zilzilaga chidamli uylarga ko‘chiriladi
Olam
−
23 avgust 2023
3597Turkiya hukumati Istanbuldagi 1,5 millionga yaqin xonadon aholisini zilzilalarga chidamli uy-joylarga ko‘chirishni rejalashtirmoqda. Bu haqda mamlakat Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an ma’lum qildi.
“Turkiyani zilzilalarga chidamli davlatga aylantirish borasidagi ishimiz doirasida Istanbul va Marmaraga alohida joy beramiz. Istanbulga kelsak, hozir biz 1,5 millionga yaqin xonadonni zilzilaga chidamli uy-joylarga ko‘chirishni rejalashtirmoqdamiz. Vaqtni behuda o‘tkazishga hojat yo‘q”, deydi Erdo‘g‘an.
Shuningdek, rasmiylar “Istanbul” sun’iy kemalar kanalining ikkala tomonida, 500 ming kishilik sputnik-shahar qurish niyatida.
Turkiyaning Atrof-muhit, urbanizatsiya va iqlim o‘zgarishi vaziri Mehmet Ozhaseki Istanbulda 6 million uy borligini va ularning har o‘ndan bir qismi ehtimoliy zilzila paytida vayron bo‘lishi mumkinligini ma’lum qilgan.
Yetakchi ekspert Naji Gyoryurning fikricha, Istanbul hududida 7 va undan ortiq magnitudali zilzila ehtimoli 60 foizdan oshadi, shahar bunga tayyor emas.
Ta’mirlash loyihasining birinchi bosqichida 300 mingdan 350 mingtagacha uy qurish rejalashtirilgan. Tegishli qonun loyihasi kuzda parlamentda ko‘rib chiqiladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq turkiyalik seysmologlar Marmara dengizi mintaqasida, xususan 16 millionga yaqin aholi istiqomat qiladigan Istanbul shahrida 7,2-7,6 balli zilzilalar bo‘lishini bashorat qilgandi.
LiveBarchasi