Istanbuldan Toshkentga uchayotgan samolyotda chaqaloq tug‘ildi (video)
Jamiyat
−
19 iyul 17091 2 daqiqa
Bugun, 19 iyul kuni Turkiyaning Istanbul shahridan O‘zbekiston poytaxti Toshkent shahriga uchayotgan samolyotda yo‘lovchi ayol o‘g‘il farzand dunyoga keltirdi. Bu haqda QALAMPIR.UZ manbasi xabar berdi.
QALAMPIR.UZ vaziyatga aniqlik kiritish maqsadida “Uzbekistan Airways”aviakompaniyasi bilan bog‘landi. Aviakompaniya parvoz paytida yo‘lovchi ayol o‘g‘il farzandli bo‘lganini tasdiqladi.
“Baxtli ona va chaqaloqning ahvoli yaxshi. Bortda yo‘lovchi sifatida sayohat qilayotgan ikki nafar shifokor o‘z vaqtida yordam ko‘rsatdi. Samolyot Urganch aeroportiga favqulodda qo‘ndi”, deydi “Uzbekistan Airways” vakili.
Aeroportdda ona va yangi chaqaloqni shifokorlar kutib olgan. Oila tezkor tarzda mahalliy klinikaga yetkazilgan.
Qayd etish joiz, bunday holat “Uzbekistan Airways” bilan birinchi bor sodir bo‘layotgani yo‘q. 2023 yil aprelda “Uzbekistan Airways”ning Toshkent-Istanbul reysi bo‘yicha uchgan samolyotda qirg‘izistonlik ayolning ko‘zi yorigandi. Samolyot Turkiya havo hududiga kirgach, Qirg‘iziston fuqarosi Sitora Abdumannopovaning tug‘ruq og‘riqlari kuchaygan. 27 yoshli homilador ayol samolyotda mos joyga o‘tkazilib, tug‘ruqqa tayyorgarlik boshlangan. Samolyot kapitani yo‘lovchilar orasida shifokor bor-yo‘qligini bilish maqsadida e’lon qilgan. Tug‘ilish jarayonida kabina ekipaji yordam bergan. 28 haftada tug‘ilgan chaqaloq o‘g‘il bola ekani ma’lum qilingan.
Joriy yil boshida esa “Uzbekistan Airways”ning Toshkent – Nyu-York reysi bortida chaqaloq dunyoga kelgan. Samolyot ushbu hodisadan so‘ng, Islandiyaga majburiy qo‘ngan.