Istanbuldan Buxoro va Samarqand shaharlariga charter reyslar yo‘lga qo‘yiladi
Jamiyat
−
29 Oktabr 2019
4152Turkiyaning Istanbul shahridan O‘zbekistonning Samarqand va Buxoro shaharlariga charter reyslar yo‘lga qo‘yiladi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi xabar bermoqda.
Istanbul-Buxoro va Samarqand-Istanbul yo‘nalishidagi birinchi charter reys joriy yilning 31 oktyabr – 4 noyabr kunlari amalga oshiriladi.
Qayd etilishicha, Turkiya aviatashuvchisi vakillarining 8 oy davomida o‘z yechimini kutayotgan masalasi O‘zbekiston va xorij davlatlari shaharlari o‘rtasidagi aviatashuvlarni oshirish yo‘lida ko‘rilgan choralar hamda O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi hamda “Uzbekistan Airports” AJ sa’y-harakatlari bilan hal bo‘lgan. Amalga oshirilgan ishlar natijasida Turkiyaning “Atlasglobal Airlines” aviakompaniyasiga parvozlarni amalga oshirish uchun ruxsat berildi.
Bugungacha, O‘zbekistonda faliyatini olib borish uchun turkiyaning faqatgina “Turkish Airlines” kompaniyasiga ruxsat berilgan edi.
“Atlasglobal” (2015 yilgacha "Atlasjet Havacılık A.Ş" deya yuritilgan) — Turkiyaning Yevropa va Osiyo, shuningdek mamlakat ichida muntazam va charter yo‘lovchi aviatashuvlarini amalga oshiruvchi aviakompaniyasi bo‘lib, “ETS Group”ga tegishli. Ushbu aviakompaniya Istanbuldagi yangi aeroportda joylashgan bo‘lib, Dalamanda qo‘shimcha xabga ega. Mavjud ma’lumotlarga ko‘ra, Turkiya aviakompaniyasi jurnalist, bloger, turistik firmalar rahbarlari va xodimlari, shuningdek din arboblari va olimlarni jalb qilgan holda ikki charter reysni amalga oshirish rejalashtirilgan.
“IATA summer 2020” yoz mavsumidan boshlab esa “Atlasglobal Airlines” aviakompaniyasi tomonidan ziyorat turizmini rivojlantirish maqsadida 50 aviareysni amalga oshirish rejalashtirilgan, buning natijasida esa O‘zbekistonga 10 mingdan ziyod sayyohning tashrifi kutilmoqda.
LiveBarchasi