Istanbulda o‘ldirib ketilgan Sayyoraning jasadi qariyb bir oydan beri topilmayapti (video)
Olam
−
18:35 4616 3 daqiqa
Avvalroq, Turkiyaning Istanbul shahri Shishli tumanida chiqindi yig‘uvchi tomonidan axlat konteyneridan o‘zbekistonlik Durdona Hakimovaning jasadi topilgani haqida xabar berilgan edi. Mazkur ish doirasida u o‘ldirilgan Umroniyadagi uyda yana bir o‘zbekistonlik ayol – Sayyora Ergashaliyeva ham bo‘laklab o‘ldirilgani aniqlangan. Ammo Ergashaliyevaning jasadi hali ham topilmadi. Bu haqda QALAMPIR.UZ so‘roviga asosan O‘zbekistonning Istanbul shahridagi bosh konsulxonasi ma’lum qildi.
“Marhumaning jasadi hali topilmadi. Qo‘shimcha ma’lumotlar hozircha yo‘q”, deyiladi konsulxona javobida.
Turkiyadagi o‘zbek ayollarining huquqlarini himoya qilish jamiyati advokatlari Ezgi Ekin Arslan va Jevat Bozkurt yuz bergan holatlarni so‘zlab berar ekan, bir xil chamadon, shu chamadonda 2 nafar jasad tashilgani aniqlangan. Jasadni topish uchun ichki ishlar organlari tomonidan qariyb 400 ming tonnaga yaqin chiqindi saralanib, tekshirilgan.
Marhumaning jasadi chiqindi poligoniga olib borib tashlangani gumon qilinmoqda.
Ergashaliyevaning yaqinlari esa voqeadan xabar topganidan beri Turkiyada. Ular qizining jasadini topmasdan O‘zbekistonga ketmasliklarini aytmoqda.
“U faqat ishga kelgandi. Men butun Turkiyaga murojaat qilaman, biz uning jasadi topilishini istaymiz. Biz qizimizning qabri bo‘lishini, dafn etilishini istaymiz. Bizning maqsadimiz qizimizning jasadini olib ketish. Ota-ona sifatida biz jasad topilguncha Turkiyada kutishda davom etamiz. Biz hech qanday holatda ham jasadni olmasdan Turkiyani tark etmaymiz. Biz ikkala qotil ham eng og‘ir jazoni olishini va qamoqda chirishini istaymiz”, degan Ergashaliyevaning ota-onasi.
Ta’kidlash joiz, Turkiya huquqni muhofaza qiluvchi organlaridan olingan dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, avval Durdona Hakimovaning o‘limi bilan bog‘liq hodisadan so‘ng bedarak yo‘qolgan deb topilgan fuqaro – 1994 yilda Namangan viloyatida tug‘ilgan Ergashaliyeva Sayyoraning vafot etgani aniqlangan.
Ma’lum qilinishicha, tergov jarayonida marhuma Sayyora Ergashaliyeva Durdona Hakimovaning yaqin dugonasi bo‘lgani aniqlangan. Shuningdek, tergov jarayonida gumonlanuvchilar Ergashaliyeva yuzasidan ko‘rsatma berishdan bosh tortganliklari qayd etilgan.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yilning 22 yanvar kuni marhumalar hamda gumonlanuvchilar Istanbul shahrining Fotih tumanida joylashgan restoranlarning birida birgalikda tushlik qilgan. Uchrashuv davomida Ergashaliyeva va G‘.K. o‘rtasida kelishmovchilik yuzaga kelgan. Taxminlarga ko‘ra, mojaro Ergashaliyevaning O‘zbekistonga qaytish niyati bilan bog‘liq masalada kelib chiqqan.
23 yanvar kuni T.D. va G‘.K. o‘zaro til biriktirgan va Ergashaliyevani avval pichoq bilan o‘ldirib, tanani bir necha qismlarga bo‘lib, Fotih tumanidagi axlat qutilariga tashlashgan. 24 yanvar kuni qotillar Ergashaliyevaning telefonidan Hakimovaga SMS-xabar yuborib, uni ham chaqirgan va Ergashaliyeva singari pichoq tiqib o‘ldirib, tanani bir nechta qismlarga bo‘lib, Shishli tumanidagi axlat qutilariga tashlagan.
O‘zbekiston Respublikasining Istanbul shahridagi Bosh konsulxonasi mazkur holatni doimiy nazoratga olgan bo‘lib, Turkiya huquqni muhofaza qiluvchi organlari bilan yaqin hamkorlikda ish olib bormoqda.
Tergov harakatlari davom etmoqda. Gumonlanuvchilarga nisbatan qamoqqa olish bo‘yicha ehtiyot chora qo‘llanilgan va ular aybiga iqror bo‘lishgan, hujjatlar sudga taqdim qilingan.
Live
Barchasi