Istanbulda metro poyezdi relsdan chiqib ketdi (video)
Olam
−
15:31 1794 2 daqiqa
Kecha, 19 iyun kuni Turkiyaning Istanbul shahridagi Kadiko‘y va Sabiha Go‘kchen xalqaro aeroporti o‘rtasida qatnovchi M4 metro yo‘nalishidagi poyezd Bostanji bekatida relsdan chiqib ketdi. Hodisa oqibatida 3 kishi jarohatlandi. Bu haqda “Metro İstanbul” xabar berdi.
Bayonotda poyezdda nosozlik yuzaga kelgani va qatnovlar kechikishlar bilan davom etayotgani bildirilgan. Biroq nosozlik nimadan iborat ekanligi haqida hech qanday tafsilot berilmagan.
“M4 Kadiko‘y-Sabiha Go‘kchen aeroporti metro yo‘nalishida texnik nosozlik sababli qatnovlar Maltepe va Sabiha Go‘kchen aeroporti bekatlari oralig‘ida amalga oshirilmoqda”, deyiladi xabarda.
“T24” xabariga ko‘ra, ushbu hodisadan so‘ng voqea joyiga o‘t o‘chirish va tibbiy yordam guruhlari jo‘natilgan. Poyezddan evakuatsiya qilingan yo‘lovchilar bir muddat tunnel bo‘ylab piyoda yurishga majbur bo‘lgan.
Ijtimoiy tarmoqlarda post qoldirgan ko‘plab yo‘lovchilar qatnovlarning kechikayotganidan shikoyat qilgan.
Mazkur masala yuzasidan Istanbul viloyati Sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Abdulloh Emre Guner bayonot bergan.
“M4 Kadiko‘y-Sabiha Go‘kchen aeroporti metro liniyasida yuz bergan hodisadan so‘ng hududga ko‘plab 112 tez tibbiy yordam brigadalari va Milliy tibbiy qutqaruv guruhi xodimlari yo‘naltirildi. Guruhlarimiz voqea joyida zarur tibbiy xavfsizlik choralarini ko‘rdilar va tegishli tashkilotlar bilan muvofiqlikda ishlarni davom ettirishmoqda”, deydi u.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq London shimolidagi Bedford shahri yaqinida ikkita yo‘lovchi poyezdi to‘qnashib ketishi oqibatida kamida bir kishi halok bo‘lgani, yana o‘nlab odamlar jarohatlangani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi