Istanbulda qalbaki alkogol sabab vafot etgan o‘zbekistonliklar soni yana oshdi
Olam
−
18 yanvar
3850Kecha, 17 yanvar kuni Turkiya hududida qalbaki spirtli ichimlik iste’mol qilish oqibatida yana 3 nafar O‘zbekiston fuqarosi (barchasi erkak) vafot etdi. Bu haqda O‘zbekistonning Istanbul shahridagi Bosh konsulxonasi xabar berdi.
Joriy yil 18 yanvar holatiga ko‘ra, spirtli ichimlikdan zaharlanish sababli vafot etgan o‘zbekistonliklarning umumiy soni 17 nafarga yetdi.
Qayd etilishicha, Bosh konsulxona tomonidan qalbaki spirtli mahsulotlarni iste’mol qilish oqibatida vafot etganlarning jasadlarini O‘zbekistonga yuborish uchun zarur hujjatlar rasmiylashtirilmoqda hamda oila a’zolariga kerakli yordam ko‘rsatilmoqda. Shu bilan birga, Istanbul hududidagi shifoxonalarning jonlantirish bo‘limlarida qalbaki spirtli ichimlikdan zaharlanib, davolanayotgan O‘zbekiston fuqarolari soni 5 nafarga yetgan. Konsulxona xodimlari ularning holidan xabar olib, ularning yaqinlari va shifoxona ma’muriyati bilan doimiy aloqada bo‘lib turibdi.
“Bosh konsulxona diplomatlari mazkur holat yuzasidan Istanbul hokimligi, sog‘liqni saqlash boshqarmasi, sud-tibbiy ekspertiza markazi hamda huquqni muhofaza qilish organlari bilan muntazam aloqada bo‘lib turibdi”, deyiladi xabarda.
Bildirilishicha, ba’zilar zaharlangan bo‘lsa-da, uy sharoitida davolanishga harakat qilib, shifoxonaga bormagan holatlar ham aniqlangan. Ularga murojaat qilinganda shifoxonaga borish moddiy jihatdan qimmatga tushishi mumkinligini aytgan. Biroq keyinchalik bunday qarorlar buyrak faoliyatining ishdan chiqishi, ko‘rish qobiliyatining yomonlashishi va nafas olishda muammolar yuzaga kelishiga olib kelmoqda.
“Har qanday holatda ham zaharlanish alomatlari sezilganda 112 qisqa raqami orqali tez tibbiy yordam chaqirtirilishi hamda shifoxonaning “qizil hududi” (“kırmızı alan”) orqali qabul qilinishi lozim. Bu xizmat bepul ekanligini eslatib o‘tamiz”, deyiladi xabarda.
Bosh konsulxona barcha fuqarolarni ehtiyot choralari ko‘rishga, shaxsiy xavfsizlikka rioya qilishga va zarur hollarda Bosh konsulxonaga murojaat qilishga chaqirgan. Ular bilan uzluksiz aloqani ta’minlash maqsadida konsulxonaning quyidagi mobil aloqa raqami +90 553 541 17 17 24/7 rejimida ishlamoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Turkiya hududida qalbaki spirtli ichimlik iste’moli oqibatida yana 4 nafar O‘zbekiston fuqarosi (barchasi erkak) vafot etib, ularning umumiy soni 14 nafarga yetgani xabar qilingandi.
LiveBarchasi
O‘zbekiston sun’iy yo‘ldosh yasayapti.
17 yanvar