Istanbulda Erdo‘g‘anning partiya idorasi o‘qqa tutildi
Olam
−
24 aprel 2023 10518 1 daqiqa
Turkiyaning Istanbul shahrida ikki kishi iqtidordagi partiya – Adolat va taraqqiyot partiyasi idoralariga qarata o‘t ochdi. Bu haqda “Daily Sabah” xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, qurollangan odamlar qochishga muvaffaq bo‘lgan, hodisa oqibatida hech kim jabrlanmagan.
Partiya spikeri Omer Chelikning aytishicha, hujumchilar mashinalari bilan Baxcheliyevler tumanidagi partiya binosi yonidan o‘tib, havoga besh marta o‘q uzgan. Ofisning yuqori qavatida to‘rtta o‘q teshigi topilgan.
Partiyaning Istanbul viloyati raisi Usmon Nuri Kabaktepe esa ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida qurolli hujumni keskin qoralagan.
“Biz bu masalani qonun oldida ko‘rib chiqamiz. Bizning eng katta tasallimiz – hujumda qurbonlar va jarohatlanganlar yo‘q. Biz bu hujumlarga imkoniyat bermaymiz va to‘liq demokratiya muhitida vatandoshlarimiz bilan uchrashishda davom etamiz”, deydi Usmon Nuri Kabaktepe.
Hozirda voqea joyi politsiya tomonidan o‘rab olingan.