Istanbulda bir kishi otib o‘ldirildi. Rossiya va Tojikiston fuqarolari ushlandi 

Olam

image

Ikki nafar qurollangan shaxsning Istanbuldagi cherkovlardan biriga hujum qilishi oqibatida bir kishi halok bo‘ldi. Bu haqda "Reuters" xabar berdi. 

Turkiya rasmiylari otishma Rossiya va Tojikistonning ISHID guruhiga aloqador fuqarolari tomonidan uyushtirilganini aytmoqda.

Voqea mahalliy vaqt bilan soat 11:40 atrofida (Grinvich bo‘yicha 08:40) Istanbulning Sariyer tumani hududidagi Avliyo Mariya cherkovida sodir bo‘lgan.

Kuzatuv kameralarida cherkovdagilar ibodat qilayotgan vaqtida ikki niqobli shaxs ichkariga kirib kelgani yozib olingan.

Gumonlanuvchilar cherkovga endigina kirib kelgan qora kiyimli kishiga qarata o‘q uzib, jarohatlagandan so‘ng xotirjam ortiga qaytadi.

Shundan so‘ng, Turkiya Ichki ishlar vaziri Ali Yerliqoya ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida qotillikda gumonlanayotgan ikki kishi qo‘lga olinganini ma’lum qildi. Keyinroq esa u Turkiya politsiyasi ushbu qotillik ishi doirasida Istanbuldagi 30 manzil bo‘ylab reydlar uyushtirgani va 47 kishi ushlangani haqida xabar berdi.

"Ikki gumonlanuvchi Tojikiston va Rossiya fuqarolari. Taxminimizcha, ular ISHIDga aloqador bo‘lishgan", deydi vazir.

Halok bo‘lgan shaxs haqidagi tafsilotlar esa ochiqlanmagan. O‘zini qurbonning qarindoshi deb tanishtirgan shaxsning mahalliy nashrlarga bergan intervyusida "u 52 yoshda bo‘lgani va endigina nasroniylikni qabul qilmoqchi" ekanligi bildirilgan.

Ma’lumot o‘rnida, qotillik ro‘y bergan cherkov XIX asrda qurilgan va Bosfor bo‘g‘ozi sohili yaqinida, Istanbulning Yevropa qismidagi baliq bozori atrofida joylashgan.


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Istanbul

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing