Istanbulda 39 kishini o‘ldirgan Abduqodir Masharipov o‘zini himoya qila boshladi
Olam
−
19 fevral 2019
21188Turkiyaning Istanbul shahridagi Reina tungi klubiga qurolli hujum uyushtirgan va 39 kishining o‘limiga sabab bo‘lgan Abduqodir Masharipov jinoyatga aloqadorligini inkor qilyapti. Bu haqda “Haberler.com” nashri xabar berdi.
“Men qilmadim. O‘sha kecha qo‘liga Kalashnikov avtomatini olgan odam men emasman”, degan Masharipov. Ta’kidlanishicha, u 2 yil 1 oy 17 kun o‘tib ilk bor o‘zini himoya qilishga uringan.
Masharipov Istanbul og‘ir jazo sudida teraktning ertasi kuni televideniyeda qidiruvga berilganini eshitib, karaxt bo‘lib qolganini aytgan. Shuningdek, u pasporti bo‘lmagani uchun yashiringanini ma’lum qilgan.
Ayblanuvchi 39 kishi halok bo‘lgan terrorchilik aktini uyushtirganini aytgan tergov ko‘rsatmasini ham sudda inkor qilgan. Masharipov o‘z himoyasini nihoyasiga yetkazishi uchun biroz vaqt berilgan.
Masharipovga “konstitutsion tuzumni ag‘darishga urinish” va 39 kishi halok bo‘lgan terrorchilik aktini uyushtirgani sababli 40 marta og‘irlashtirilgan 2370 yil qamoq jazosi berish talab qilinyapti.
Eslatib o‘tamiz, 2016 yilning 31 dekabridan 2017 yilning 1 yanvariga o‘tar kechasi Turkiyaning Istanbul shahrida joylashgan Reina tungi klubida terakt amalga oshirilgan va tungi klubda Yangi yil bayrami nishonlanayotgan vaqtda Santa klaus libosidagi qurollangan shaxs klubga kirib, odamlarga qarata o‘q uza boshlagandi.
LiveBarchasi
Putin xalqiga murojaat qildi.
21 noyabr