Istanbulda ham saylov bo‘lib o‘tmoqda (video)
Olam
−
27 Oktabr
2572O‘zbekiston Respublikasining Istanbul shahridagi Bosh konsulxonasi huzuridagi 45-saylov uchastkasida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari sayloviga ovoz berish jarayoni davom etmoqda. Bu haqda konsulxona matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, Turkiyada vaqtinchalik yoki doimiy istiqomat qilib kelayotgan o‘zbekistonlik fuqarolar uchun O‘zbekiston Respublikasining Istanbul shahridagi Bosh konsulxonasi huzuridagi 45-saylov uchastkasida Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari saylovida ovoz berish uchun imkoniyat yaratilgan.
Bildirilishicha, hozirgi vaqtda rasman Turkiya hududida 54 mingdan ortiq O‘zbekiston fuqarolari yashab, o‘qib kelmoqda. Anqaradagi elchixona va Istanbuldagi Bosh konsulxonada saylov uchastkalari xizmat qilayotgan bo‘lsa, muddatidan avval ko‘chma ovoz berish punktlari Bursa, Izmir, Antalya, Mersin va Karabuk shaharlarida bo‘lib o‘tgan.
Ma’lumot uchun, Qonunchilik palatasi saylovlari ilk marta majoritar-proporsional (aralash) tizim asosida o‘tkazilmoqda.
Bu tizimda saylov okruglari bir mandatli va yagona saylov okruglariga bo‘linadi. Parlament quyi palatasi deputatlarining 75 nafari bir mandatli saylov okruglari bo‘yicha majoritar tizim (nomzod uchun ovoz berish), qolgan 75 nafari proporsional tizim bo‘yicha, ya’ni siyosiy partiyalarga berilgan ovozlar asosida (partiya ro‘yxati asosida) saylanadi.
Markaziy saylov komissiyasiga ko‘ra, parlament saylovida jami 851 nafar xorijiy (xalqaro) kuzatuvchi, jumladan o‘n uchta nufuzli xalqaro tashkilotlardan, xususan Yevropada Xavfsizlik Hamkorlik Tashkilotning Parlament Assambleyasi va Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi, Shanxay Hamkorlik Tashkiloti, Turkiy Davlatlar Tashkiloti, Turkiy Davlatlar Parlament Assambleyasi, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi va MDH Parlamentlararo Assambleyasi, Islom Hamkorlik Tashkiloti hamda boshqa xalqaro tuzilmalardan jami 560 nafar, xorijiy davlatlar 24 ta saylov organlaridan 46 nafar, dunyoning 43 ta davlatidan 245 nafar xorijiy (xalqaro) kuzatuvchi akkreditatsiyadan o‘tkazilgan.
Ayni paytda, siyosiy partiyalardan 55 ming nafar, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlaridan 10 ming nafardan ortiq kuzatuvchi saylovni kuzatib bormoqda.
Shuningdek, hozirgi kunga qadar mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalarining jami 1068 nafar vakili akkreditatsiyadan o‘tkazilgan.