Istanbul yana oyoqqa turdi. Aholi nimadan norozi? (video)
Olam
−
08 Sentabr 14204 3 daqiqa
Bugun, 8 sentyabr kuni Turkiyaning Istanbul shahrida muxolifatdagi “Jumhuriyat Xalq” partiyasi ofisi oldida keng ko‘lamdagi namoyishlar boshlandi. Bu haqda “Hurriyet” xabar berdi.
Bu hodisa partiya rahbariyati, jumladan, uning sobiq Istanbul bo‘limi yetakchisi O‘zgur Chelik lavozimidan chetlashtirilib, boshqaruvni vaqtinchalik kengashga topshirganidan keyin yuz berdi.
OAVda tarqalgan videolarda namoyishchilarning politsiya bilan to‘qnashuvlari, shuningdek, odamlarning ko‘chalarda yurib, qozon-tovoqlarni urib, norozilik bildirayotgani aks etgan.
2023 yilda bo‘lib o‘tgan s’ezd va undagi ovoz berishda qoidabuzarliklar bo‘lgani haqidagi da’vo asosida joriy yil 2 sentyabr kuni Istanbulning 45-fuqarolik sudi birinchi instansiyada qaror chiqargan va s’ezd natijalarini haqiqiy emas deb topgan. Shu asosda partiyaning Istanbul bo‘limi rahbariyati lavozimidan chetlashtirilgan.
Istanbul bo‘limining vaqtinchalik kengashiga Gursel Tekin rahbar etib tayinlangan. U kelayotgan haftadan ishga kirishishini aytdi. Shundan keyin partiya shtab-kvartirasi oldida xavfsizlik choralari kuchaytirildi, politsiya binoga kirish va chiqishni to‘sib qo‘ydi.
Bundan tashqari, Istanbul gubernatori idorasi shahar markazidagi bir necha tumanlarda uch kunlik yig‘ilishlar, namoyishlar, matbuotga bayonotlar va varaqa tarqatishga taqiq joriy qildi. Mazkur taqiq kecha, 7 sentyabr kuni soat 20:00 dan 10 sentyabr soat 23:59 gacha davom etishi belgilandi.
Partiya rahbari O‘zg‘ur O‘zel Chelik va boshqa rahbarlarni lavozimidan chetlashtirish haqidagi sud qarorini bekor qilishga chaqirgan.
“Siz tarixiy xato qildingiz, bu mening so‘nggi ogohlantirishim”, degan O‘zel.
Ichki ishlar vaziri Ali Yerliqoya esa bunga javoban partiya a’zolarini “sud qarorlarini mensimaslikda” aybladi.
“Sud qarorlarini mensimaslik va odamlarni ko‘chaga olib chiqishga urinish – bu qonunni oshkora mensimaslikdir. Davlat har qanday noqonuniy urinishlarga qarshi qat’iy choralar ko‘radi. Biz hech qachon jamoat tartibi va osoyishtaligini buzishga, ko‘cha chaqiriqlari orqali provokatsiyalarga yo‘l qo‘ymaymiz”, deya ijtimoiy tarmoqlarida yozib qoldirgan vazir.
Turkiya Xavfsizlik Bosh boshqarmasi “aholiga nafrat va adovat qo‘zg‘atish” hamda “jinoyatlarga undash” kabi ayblovlar doirasida 14 nafar gumonlanuvchi qo‘lga olinganini e’lon qildi.
Bu aholini ikkinchi bora ko‘chaga chiqishga majbur qilgan voqea bo‘ldi. Joriy yilning may oyida sobiq Istanbul meri Ekrem Imomo‘g‘li hibsga olinganda ham mamlakat bo‘ylab juda katta norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tgandi. Imomo‘g‘li 2028 yilgi prezidentlik saylovida Turkiya Prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘anning asosiy raqibi sifatida qaralgan edi. U korrupsiya va terrorchilikda gumon qilinib, hibsga olingan. Umumiy hisobda yuz kishiga nisbatan order chiqarilgan. Imomo‘g‘li va partiya buni “siyosiy ta’qib” deb baholagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ekrem Imomo‘g‘li sudda bosh prokurorga tahdid qilish va haqorat qilishda ayblanib, 1 yil 8 oylik (20 oy) qamoq jazosiga hukm qilingandi. Sud qaroriga ko‘ra, jinoyat Imomo‘g‘lining joriy yilning 20 yanvaridagi chiqishlariga bevosita aloqador. O‘shanda Imomo‘g‘li Istanbul bosh prokurorini siyosiy maqsadlarda tekshiruvlar olib borishda ayblagan. U sudda barcha ayblarni rad etgan va ularni “siyosiy jihatdan qurollangan bosim” deb atagan.
Live
Barchasi