Isroilning Suriyadagi operatsiyasi jiddiy oqibatlarga olib keladi – Jo‘loniy
Olam
−
04 fevral 2025 8888 2 daqiqa
Suriyaning o‘tish davri prezidenti Ahmad ash-Shara (Muhammad al-Jo‘loniy) Isroilning Suriyadagi harbiy operatsiyasi kelajakda jiddiy muammolarni keltirib chiqarishidan ogohlantirdi. Bu haqda u “The Economist” nashriga bergan intervyusida so‘z ochdi.
“Bu operatsiya kelajakda juda ko‘p muammolar keltirib chiqaradi. Isroil Asad rejimi qulaganidan keyin 1974 yilgi o‘t ochishni to‘xtatish chizig‘idan narida bosib olingan hududlardan chekinishi kerak”, dedi u.
Suriya yetakchisiga ko‘ra, 1974 yilda Suriya va Isroil o‘rtasida Birlashgan Millatlar Tashkiloti vositachiligida tuzilgan kelishuv mavjud. Yangi hukumat Damashqqa kelgan birinchi kunidayoq BMTga ushbu kelishuvga sodiqligini va neytral hududda joylashgan BMTning UNDOF kuchlarini qabul qilishga tayyor ekanini bildirgan.
“UNDOF bilan bevosita aloqa o‘rnatildi va ular bu hududga kirishga tayyor ekanini bildirdi. Biroq buning uchun Isroil kuchlari o‘zining so‘nggi harbiy harakatlaridan oldingi chegaralariga chekinsin. Shundagina UNDOF mintaqaga kirishi mumkin bo‘ladi”, deydi ash-Shara.
Shuningdek, Isroil bilan kelishuvga erishish ehtimoli haqida so‘ralganda Suriyaning yangi yetakchisi Damashq barcha tomonlar bilan tinchlikni istashini ta’kidlagan. Biroq u Isroil Jo‘lon tepaliklari ustidan nazoratni saqlab qolayotgan bir paytda munosabatlarni normallashtirish haqida gapirishga erta ekanini qo‘shimcha qilgan. Shuningdek, ash-Shara bu masala bo‘yicha yakuniy qaror Suriyaning xalq irodasini hisobga olgan holda qabul qilinishi kerakligini qayd etgan.
U Suriyadagi boshqa mamlakatlarning harbiy mavjudligi haqida ham so‘z ochgan. Unga ko‘ra, yangi Suriya davlati nuqtai nazaridan har qanday noqonuniy harbiy ishtirok davom etmasligi kerak. Suveren davlat hududidagi harbiy mavjudlik faqat muayyan kelishuv asosida bo‘lishi lozim.
“Suriya bilan Amerika Qo‘shma Shtatlari o‘rtasida bunday kelishuv mavjud emas. Hozir biz Rossiyaning harbiy ishtirokini qayta ko‘rib chiqmoqdamiz va ular bilan kelishuvga erishishimiz yoki erishmasligimiz mumkin. Biroq qanday bo‘lmasin, har qanday harbiy ishtirok mezbon davlat roziligi bilan bo‘lishi shart”, deydi ash-Shara.
Eslatib o‘tamiz, 2024 yil noyabr oxirida Suriyada qurolli muxolifat hukumat kuchlariga qarshi keng ko‘lamli hujum boshlagandi. 8 dekabrda ular Damashqqa kirib keldi. Shundan so‘ng, Suriya sobiq prezidenti Bashar Asad lavozimini tark etib, Rossiyaga qochib ketdi.
10 dekabr kuni Idlib viloyatida Muhammad al-Bashir Suriya muvaqqat hukumatining bosh vaziri sifatida e’lon qilindi. Bu hukumat joriy yil 1 martgacha faoliyat yuritadi.
Joriy yil 29 yanvar kuni esa “Hayat Tahrir ash-Shom” guruhi yetakchisi Ahmad ash-Shara (Abu Muhammad al-Jo‘loniy) Suriya prezidenti sifatida e’lon qilindi. O‘tish davri yakunigacha u shu lavozimda qoladi.