Isroilning Rafahga hujumi gumanitar falokatga aylanadi – Abdulla II 

Olam

image

Xalqaro hamjamiyat Isroilning G‘azo sektori janubidagi Rafah shahriga bostirib kirishi tahdidi oldida jim qarab tura olmaydi, chunki bu gumanitar falokatga olib keladi. Bu haqda Iordaniya qiroli Abdulla II Oq uyda AQSH Prezidenti Jo Bayden bilan uchrashuvdan so‘ng so‘z ochdi.  

“Isroilning Rafahdagi operatsiyasi navbatdagi gumanitar falokatga olib keladi. Urush boshlanganidan beri Falastin anklavining shimoliy va markaziy hududlaridan u yerga allaqachon 1 milliondan ortiq odam ko‘chib kelgan”, deydi Iordaniya qiroli.

Uning so‘zlariga ko‘ra, hozirgi vaziyat chidab bo‘lmas darajada bo‘lib, doimiy ravishda o‘t ochishni to‘xtatishga erishish zarur. 

"Bu urush tugashi kerak va biz G‘azo sektoriga barcha chegara punktlari orqali yetarli miqdorda yordam yetkazilishini ta’minlashga harakat qilishimiz kerak", deydi Abdulla II.

Iordaniya qiroli BMTning Yaqin Sharqdagi Falastinlik qochqinlarga yordam va ishlar agentligi (UNRWA) faoliyatiga to‘xtalar ekan, bu hayotiy ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi.

"UNRWA BMT mandati doirasida o‘z rolini bajarishi uchun zarur yordamni olishda davom etishi lozim", deydi u.

Abdulla II ning aytishicha, cho‘zilgan mojaro uchun har ikki tomonning tinch aholisi tavon to‘lashda davom etmoqda. 

“Hech bir musulmon begunoh ayollar va bolalarga qilingan bu hujumlarni, jumladan, 2023 yil 7 oktyabrdagi hujumni qabul qila olmaydi”, deya qo‘shimcha qildi u. 

Shu bilan birga, qirol falastinliklarni o‘z yerlaridan siqib chiqarishga urinishlarga qarshi ogohlantirdi. Uning aytishicha, umumiy tartibsizlikka olib keladi.

Monarx Iordaniya AQSH, boshqa arab davlatlari va xalqaro hamjamiyat bilan “ikki davlat qaroriga asoslangan” siyosiy kelishuvni ishlab chiqishda hamkorlik qilishga tayyorligini tasdiqladi. Uning ta’kidlashicha, "poytaxti Sharqiy Quddusda bo‘lgan mustaqil, suveren Falastin davlatini yaratish butun mintaqa uchun tinchlik va xavfsizlikni kafolatlaydigan yagona yechimdir".

Qayd etish joizki, xorij safari doirasida Abdulla II rafiqasi qirolicha Raniya va valiahd shahzoda Husayn bin Abdulla bilan birga AQSH, Kanada, Fransiya va Germaniyadan tashqari tashrif buyuradi.

Iordaniya qirolining safari “arab davlatlarining G‘azo sektorida o‘t ochishni to‘xtatish talabini keng xalqaro qo‘llab-quvvatlash, tinch aholini himoya qilish va ularga doimiy va yetarli asosda gumanitar yordam ko‘rsatish”ni maqsad qilgan. Bundan tashqari, qirol doimiy ravishda “Falastin-Isroil mojarosiga barham beruvchi va mustahkam tinchlik o‘rnatuvchi” siyosiy yechim topish muhimligini ta’kidlaydi.

Ma’lumot uchun, 7 fevral kuni yahudiy davlati hukumati rahbari Binyamin Netanyaxu harbiylar G‘azo sektorining Misr bilan chegarasidagi Rafahda janglar boshlanishiga tayyorgarlik ko‘rish buyrug‘i olganini aytdi. Ikki kundan keyin u armiyaga tinch aholini evakuatsiya qilish va shahardagi qolgan to‘rtta HAMAS batalonini yo‘q qilish rejasini tayyorlashni buyurdi. 12 fevralga o‘tar kechasi arab OAVlari Isroil qurolli kuchlari Rafahga yirik zarbalar bergani haqida xabar berdi. “Al Mayadeen” telekanaliga ko‘ra, portlashlar oqibatida 100 kishi halok bo‘lgan, 230 dan ortiq kishi jarohatlangan.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Isroil Iordaniya Jo Bayden Rafah Abdulla II

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing