Isroilning G‘azoga bosqini 2026 yilda ham davom etadi – OAV
Olam
−
20 avgust 2025 3077 2 daqiqa
Isroil kuchlarining G‘azo sektorini to‘liq bosib olish operatsiyasi 2026 yilda ham davom etadi. Bu haqda hukumatdagi manbalarga tayanib, “Ynet” xabar berdi.
Nashrga ko‘ra, Isroil Mudofaa kuchlariga (SAXAL) zahiradagi askarlarlarni safarbar qilish uch bosqichda amalga oshiriladi – 2025 yil sentyabr va noyabrda, shuningdek, 2026 yilning mart oyida.
Mamlakatda joylashgan tele-radiokompaniyalarining ma’lumotiga ko‘ra, operatsiyada 5 ta diviziya, 12 ta brigada jangovar guruhi hamda G‘azo diviziyasining shimoliy va janubiy brigadalari qatnashadi. Shuningdek, jangovar harakatlarga uchta rezerv brigada jalb qilinadi. Operatsiya eng qizg‘in pallasida xizmatda bo‘ladigan zaxiradagi askarlarlar soni 130 ming nafarni tashkil etadi. Qayd etilishicha, G‘azoni bosib olish rejalari 21 avgust kuni Isroil hukumatiga taqdim etiladi.
“The Times of Israel” manbalariga ko‘ra, 60 ming nafar zaxiradagi askarga chaqiruv qog‘ozi yuborilishi kutilmoqda.
Qayd etish joizki, G‘azoni to‘liq bosib olish masalasi asirdagi mahbuslar ovqatsizlikdan qiynalayotgani aks etgan video ijtimoiy tarmoqlarda sizdirilgandan so‘ng yanada keskin muhokama qilina boshlandi. Videoda erkaklardan biri ovqatsiz qolganini, tik tura olmayotganini va “o‘lim yoqasida” ekanini aytiladi. Isroil HAMASni garovdagilarni och qoldirishda aybladi, biroq guruh bu da’volarni rad etib, garovdagilar askarlar va ochlikdan aziyat chekayotgan g‘azoliklar bilan bir xil taom yeyishini bildirdi.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 19 avgust kuni Isroil Mudofaa vaziri Isroil Kats G‘azo shahrini egallash bo‘yicha operatsiyani tasdiqlagandi. Operatsiya “Gideonning aravalari 2” deb nomlangan.
Live
Barchasi