Isroilning G‘azodagi maktabga zarbasi oqibatida 28 kishi halok bo‘ldi
Olam
−
10 Oktabr
1634Isroilning markaziy G‘azoda joylashgan maktabga havo hujumi kamida 28 kishini o‘ldirdi va yana o‘nlab odamlarni yaraladi. Bu haqda Falastin Qizil Yarim Oy Jamiyatiga tayanib, CNN xabar berdi.
Nashrning yozishicha, Rafida maktabiga uyushtirilgan hujumda kamida 54 falastinlik yaralangan va 28 kishi qurbon bo‘lgan. Rasmiylar ham halok bo‘lganlar sonini tasdiqlagan.
Isroil armiyasi har doimgidek maktab majmuasidagi “terrorchilar”ni nishonga olganini va bu hujumdan oldin fuqarolarni himoya qilish uchun bir qancha choralar ko‘rilganini da’vo qilgan.
Bugun, 10 oktyabr kuni amalga oshirilgan zarba G‘azodagi maktablarga qilingan so‘nggi hujumlardan biri bo‘ldi. O‘tgan oy ham Isroilning G‘azo shahri yaqinidagi maktabga uyushtirgan zarbasi kamida 22 kishini o‘ldirgan edi. Unda qurbon bo‘lganlarning aksariyati ayollar va bolalar bo‘lgan. Isroil o‘sha hujumda ham maktabga HAMAS askarlari yashiringanini da’vo qilgan.
Mahalliy rasmiylarga ko‘ra, avgust oyida G‘azo shahrining sharqiy qismidagi ko‘chirilgan odamlar boshpana topgan Al-Tabiin majmuasidagi maktab va masjidga qilingan hujumda 90 dan ortiq odam halok bo‘lgan. Isroil ushbu holatda ham zarbani tasdiqlagan va uning maqsadi HAMASning qo‘mondonlik postini nishonga olish bo‘lganini va harakatning bir necha a’zolari o‘ldirilganini da’vo qilgan.
Nashrga ko‘ra, Isroil G‘azoning ayrim hududlarida harbiy operatsiyalarni qaytadan boshlagan. Ular HAMAS tuzilmalariga qarshi harakat qilayotganini aytib, ko‘plab mahallalarning ommaviy evakuatsiyasini buyurgan.
Ma’lumot uchun, bugun, 10 oktyabr kuni G‘azo Sog‘liqni saqlash vazirligi urush boshlanganidan beri 42 000 dan ortiq odam halok bo‘lganini ma’lum qildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Isroilning G‘azo sektoridagi maktabga bergan zarbasi oqibatida 100 dan ortiq falastinlik halok bo‘lgan edi.
LiveBarchasi