“Isroilni to‘xtatish kerak”. Erdo‘g‘an “qora shahzoda”ga sim qoqdi

Olam

image

Bugun, 14 iyun kuni Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi Muhammad bin Salmon Ol Saud bilan telefon orqali suhbatlashdi. Bu haqda “Anadolu” xabar berdi.

Suhbat chog‘ida Isroil-Eron o‘rtasidagi ziddiyat hamda mintaqaviy va global muammolar muhokama qilingan.

Erdo‘g‘anning so‘zlariga ko‘ra, Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu boshchiligidagi Isroil – mintaqa barqarorligi va xavfsizligiga eng katta tahdid bo‘lib qolmoqda, bu holat Eronga qilingan hujum bilan yana bir bor namoyon bo‘lgan.

“Keskinlikni kamaytirish uchun Isroilni to‘xtatish kerak”, degan Turkiya rahbari. 

Shuningdek, Erdo‘g‘an Eron masalasi zudlik bilan muzokaralar orqali hal etilishi kerakligini aytib o‘tgan. 

“Mintaqa yangi inqirozni ko‘tara olmaydi, vayronkor urush mintaqa mamlakatlariga noqonuniy migratsiya to‘lqinlarini keltirib chiqarishi mumkin. Eron yadroviy dasturi bo‘yicha ziddiyatlar esa faqat muzokaralar yo‘li bilan hal etilishi lozim”, degan Turkiya yetakchisi. 

Bundan tashqari, Erdo‘g‘an xalqaro hamjamiyatning Falastinda bosib olish va genotsidga nisbatan yetarli darajada javob bermayotgani oqibatida Isroilning hozirgi jazolanmaslik va tajovuzkorlik darajasiga yetganini ta’kidlagan.

“Isroilning AQSH va Eron yadroviy masala bo‘yicha muzokaralar orqali yechim izlayotgan vaqtda Eronga hujum qilishi tinchlikka erishish yo‘lidagi harakatlarga zarba bo‘ldi. Bu hujumlar oqibatida yadroviy materiallarning sizib chiqishi mintaqaviy va global xavfsizlikka Isroilning mas’uliyatsiz tahdidini yana bir bor ko‘rsatdi”, degan Erdo‘g‘an.

Eslatib o‘tamiz, kecha, 13 iyun kuni Isroil Eronga raketa hujumlari uyushtirdi. Oqibatda mamlakatning bir nechta yuqori lavozimli qo‘mondonlari, shuningdek, tinch aholi vakillari halok bo‘ldi. Shuningdek, yadroviy inshootlar zarar ko‘rdi. Umuman olganda, Isroilning 13 iyunga o‘tar kechasi boshlangan yirik zarbalari Eronning 20 ga yaqin yuqori martabali harbiy rahbarlari va asosiy yadroviy olimlarining hayotiga zomin bo‘ldi.

BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish Isroilning Eron yadroviy ob’ektlariga bergan zarbalaridan xavotir bildirib, tomonlarni bosiqlikka chaqirdi.

Isroil tomonidan Eronga qarshi amalga oshirilgan keng ko‘lamli hujumlardan so‘ng, Eron Isroilga qarshi o‘z javob zarbalarini yo‘lladi. Eron harbiy kuchlari tomonidan Isroil hududiga qarata 200 dan ortiq dron va ballistik raketalar uchirilgan. Isroil Mudofaa kuchlari ushbu zarbalarni tasdiqlagan va havo mudofaa tizimlari zudlik bilan ishga tushirilgan. SAXAL rasmiy bayonotida aytilishicha, Isroil havo mudofaasi katta miqdordagi hujumchi dron va raketalarni tutib qolishga muvaffaq bo‘lgan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, hujum oqibatida 5 kishi halok bo‘lgan va 10 dan ortiq kishi jarohat olgan. Isroil tomoni esa 1 kishining o‘limini tasdiqlagan.


Maqola muallifi

Teglar

Rajab Toyib Erdo'g'an Muhammad bin Salmon Ol Saud

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing