Isroilni tan olmagan Indoneziya Prezidenti Tel-Avivga boradimi?

Olam

image

Isroilning 12-telekanali o‘z manbasiga tayanib, ertaga, 14 oktyabr kuni Indoneziya Prezidenti Prabovo Subianto Isroilga tarixiy tashrif bilan borishini xabar berdi.

“Kun tartibida dunyodagi eng yirik musulmon davlati bo‘lgan Indoneziya bilan munosabatlarni normallashtirish jarayonini boshlash ehtimoli turibdi”, deyiladi xabarda.

Qayd etilishicha, hozirda Indoneziya Prezidentining mamlakatga tashrifiga tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda.

Biroq Indoneziya rasmiylari Subianto tez orada Isroilga kelishi to‘g‘risidagi xabarlarni rad etdi. Shuningdek, “i24news”ning yozishicha, bu tashrif haqidagi xabarlar haqiqiy emas, Indoneziya OAV va hukumati bunday tashrif rejasi yo‘qligini bayon qilgan.

Ma’lumot uchun, Indoneziya hozircha Isroilni rasman tan olmagan va diplomatik aloqalar o‘rnatmagan. Dunyodagi eng katta musulmon davlati rasmiy ravishda Falastin davlati mustaqilligini qo‘llab-quvvatlaydi.

Qayd etish joiz, Prabovo Subianto joriy yilning sentyabr oyida Nyu-Yorkda bo‘lib o‘tgan BMT Bosh Assambleyasining 80-sessiyasida G‘azoga 20 ming tinchlikparvar askar yuborishga tayyorligini bildirgandi. Prabovoning aytishicha, Janubi-sharqiy Osiyodagi bu davlat BMT tinchlikparvar kuchlariga eng katta hissa qo‘shuvchilardan biri sifatida “tinchlik qo‘riqchisi kerak bo‘lgan joylarda xizmat qilishda” davom etadi.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 9 oktyabr kuni AQSH Prezidenti Donald Tramp Isroil va HAMAS G‘azo sektoridagi mojaroni hal etish bo‘yicha tinchlik rejasining birinchi bosqichi bo‘yicha kelishuv imzolaganini ma’lum qilgandi. Amerika rahbari bu “barcha garovdagilarning tez orada ozod qilinishi, shuningdek, Isroil qo‘shinlarining kelishilgan chiziqlargacha orqaga chekinishini” anglatishini bildirgandi.

Bugun, 13 oktyabr kuni HAMAS dastlab 7 nafar isroillik asirni, keyinoroq esa yana 13 nafar isroillik asirni Qizil Xochga topshirgani haqida xabar berilgan edi. Hozirga kelib, ular Isroilga yetib borgan. Ular mamlakat janubidagi qabul punktiga olib boriladi va u yerda yaqinlari bilan uchrashadi. Isroilning davlat teleradiokompaniyasi hisoblanuvchi “Kan”ning xabariga ko‘ra, ozod etilgan garovdagilarning ahvoli qoniqarli, ular mustaqil harakatlana oladi.


Maqola muallifi

Teglar

Indoneziya Isroil Prabovo Subianto

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing