Xushxabar! Isroil va HAMAS urushni tugatish bo‘yicha kelishuvga erishdi
Olam
−
09 Oktabr 2025 7451 4 daqiqa
Isroil va HAMAS o‘rtasida G‘azo sektorida o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuv imzolandi. Bu haqda AQSH Prezidenti Donald Tramp o‘zining Truth Social tarmog‘ida yozib qoldirdi.
Ma’lum qilinishicha, bu bosqich o‘t ochishni to‘xtatish, garovdagilarni ozod qilish va Isroil qo‘shinlarini qisman olib chiqishni nazarda tutadi. Tomonlar Trampning urush to‘xtagani bo‘yicha ma’lumotni rasman tasdiqlagan. Muzokaralar Misrning Sharm-al-Shayx shahrida, Qatar, Misr va Turkiyaning vositachiligida o‘tkazilgan.
Tinchlik rejasining birinchi bosqichi jangovar harakatlarni to‘xtatish, garovdagilar va mahbuslarni almashish, shuningdek, gumanitar choralarni o‘z ichiga oladi. HAMAS barcha tirik garovdagilarni (so‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, ularning soni 20 nafar) tez orada ozod qilish majburiyatini olgan, Isroil esa qo‘shinlarini kelishilgan chiziqqacha olib chiqadi. Rejaga ko‘ra, xalqaro tuzilmalar – BMT va Qizil Xoch qo‘mitasi nazorati ostida gumanitar tashkilotlarning G‘azo sektoriga kirish imkoniyati kengaytiriladi.
“Isroil va HAMAS tinchlik rejasining birinchi bosqichini imzoladi. Barcha garovdagilar yaqin orada ozod qilinadi, Isroil esa qo‘shinlarini kelishilgan chiziqqacha olib chiqadi. Bu uzoq muddatli tinchlik sari ilk qadam. Bu arab va musulmon dunyosi, Isroil va AQSH uchun buyuk kun. Biz bu voqeani amalga oshirishda yordam bergan Qatar, Misr va Turkiya vositachilariga minnatdorlik bildiramiz. Tinchlik o‘rnatayotganlar muborak bo‘lsin”, deya yozgan Tramp.
“Reuters” xabariga ko‘ra, Sharm-al-Shayxdagi muzokaralarda AQSH, Isroil, Misr, Qatar va Turkiya vakillari ishtirok etgan. Ular yopiq shaklda, milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchilar va Yaqin Sharq bo‘yicha maxsus vakillar ishtirokida bo‘lib o‘tgan. Qatar va Misr tomonlar o‘rtasidagi asosiy vositachilar sifatida takliflarni uzatish va almashuv parametrlarini muvofiqlashtirishga mas’ul bo‘lgan.
O‘z navbatida, Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu 9 oktyabr kuni hukumat yig‘ilishini chaqirib, kelishuvni tasdiqlashini ma’lum qilgan. U bu kelishuvni “Isroilning milliy va axloqiy g‘alabasi” deb atagan hamda AQSH Prezidentiga minnatdorlik bildirgan.
“Men qahramonlarcha jang qilgan askarlarimizga va xavfsizlik kuchlaridan bu kunga yetib kelishimizga sabab bo‘lgan jasorati uchun minnatdorman. Yurakdan Prezident Tramp va uning jamoasiga garovdagilarimizni ozod etish borasidagi bu muqaddas missiyaga sadoqati uchun rahmat aytaman”, degan Isroil Bosh vaziri.
HAMASning pozitsiyasi
HAMAS ham kelishuvni tasdiqlab, Misr, Qatar va Turkiyaga vositachilik uchun minnatdorlik bildirgan. Harakat Trampning sa’y-harakatlarini e’tirof etib, xalqaro hamjamiyatni Isroilning kelishuv shartlarini to‘liq bajarishini ta’minlashga chaqirgan. HAMAS, shuningdek, falastinliklarning mustaqillikka bo‘lgan milliy huquqlaridan voz kechmasligini ta’kidlagan va garovdagilarni ozod qilish jarayoni xalqaro kuzatuv ostida bo‘lishini bildirgan.
Qatar, Misr va Turkiya tomonlar kelishuvni bajarishga ko‘maklashish va nazorat qilishga tayyor ekanligini tasdiqlagan. Qatar Tashqi ishlar vazirligi vakillari vositachilar almashuv yakunlangach, muzokaralarning navbatdagi bosqichi mexanizmini ishlab chiqishda davom etishlarini ma’lum qilgan. Misr esa gumanitar missiyani yuborishni, otashkesimni kuzatishni va Rafah chegara o‘tish punktining o‘tkazuvchanligini oshirishni rejalashtirmoqda.
Xalqaro hamjamiyatning javobi
BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish kelishuvni “o‘limlarni kamaytirish uchun qo‘yilgan muhim qadam” deb atagan va BMT uni to‘liq bajarishni qo‘llab-quvvatlashi, G‘azoga gumanitar yordam hajmini oshirishini bildirgan. Jahon oziq-ovqat dasturi vakili esa xavfsiz kirish ta’minlansa, oziq-ovqat, yoqilg‘i va dori-darmon yetkazib berishni kengaytirishga tayyorligini ma’lum qilgan.
Yevropa Ittifoqi, Buyuk Britaniya va Fransiya ham kelishuvni qo‘llab-quvvatlagan va otashkesimni kechiktirmasdan, xalqaro nazorat ostida amalga oshirish kerakligini ta’kidlagan. Arab davlatlari ligasi esa tomonlarni kelishuvga rioya qilishga va “jarayonni buzadigan har qanday harakatlardan tiyilishga” chaqirgan.
7 oktyabrdan keyingi urush
2023 yilning 7 oktyabrida HAMAS Isroil janubiga yirik hujum uyushtirdi. Oqibatda mingdan ortiq kishi halok bo‘ldi, yuzlab odamlar garovga olindi. Bu voqea so‘nggi o‘n yilliklarda mintaqadagi eng yirik qurolli to‘qnashuvga sabab bo‘ldi. Keyin Isroil armiyasi G‘azoda keng ko‘lamli harbiy operatsiyani boshladi. OAV va BMT ma’lumotlariga ko‘ra, Isroil zarbalari uy-joylar, shifoxonalar va infratuzilmalarning vayron bo‘lishiga olib keldi, o‘n minglab tinch aholi halok bo‘ldi. Isroil bu harakatlarini HAMASning harbiy inshootlarini, jumladan tunnel va qurol omborlarini yo‘q qilish zarurati bilan izohladi.
2024–2025 yillarda vaziyat tarangligicha qoldi. Isroil G‘azo hududida operatsiyalarni davom ettirdi, HAMAS esa yangi qurbonlar haqida xabar berdi. Qatar va Misr vositachiligida o‘t ochishni to‘xtatish va asirlarni almashish bo‘yicha bir necha urinishlar bo‘ldi, biroq ular uzoq muddatli natija bermadi.
2024 yilda AQSH, Qatar, Misr va Turkiya BMT ko‘magida vositachilikni kuchaytirdi. Yozda BMT Xavfsizlik Kengashining 2735-sonli rezolyutsiyasi qabul qilindi, unda bosqichma-bosqich otashkesim, gumanitar kirish va garovdagilarni almashish prinsiplari belgilandi. Shu hujjat keyingi muzokaralar asosiga aylandi.
2025 yilda AQSH, Isroil, Misr, Qatar va Turkiya vakillari Qohira, Doha va Sharm-al-Shayxda uchrashuvlar o‘tkazdi. Shu muzokaralarda kelishuvning birinchi bosqichi matni ishlab chiqildi va oktyabr oyida tomonlar tomonidan imzolandi. Donald Tramp vositachilar va tomonlar ishini muvofiqlashtirdi, uning maslahatchilari hujjat parametrlarini kelishishda ishtirok etdi. Oq uy muzokaralarga tashkiliy yordam berganini va keyingi bosqichlar tayyorlanishida kafillardan biri sifatida ishtirok etishini ma’lum qildi.
Live
BarchasiErdo‘g‘an Saudiyaga bordi
03 fevral
Qashqadaryoda YPX mashinasi yonib ketdi
03 fevral