Isroilga hujum ortidan Eron elchisi Fransiya TIVga chaqirtirildi

Olam

image

Eronning Parijdagi elchisi Muhammad Amin-Nejad mamlakati Isroilga havo hujumi uyushtirgani ortidan Fransiya Tashqi ishlar vazirligiga chaqirildi. Bu haqda Fransiya TIV ma’lum qildi.

Vazirlikka chaqirilgan elchi Amin-Nejadga Fransiyaning Eronning 14 aprelga o‘tar kechasi Isroilga uyushtirgan havo hujumini qoralagani ma’lum qilindi.

Fransiya Tashqi ishlar vazirligining qayd etishicha, Eronning “mas’uliyatsiz” hujumi “hech kimning manfaatiga to‘g‘ri kelmaydigan yong‘in xavfini keltirib chiqardi”. Eron “Fransiya hamkori Isroil xavfsizligi va mintaqaviy barqarorlikka tahdid soluvchi jiddiy va misli ko‘rilmagan harakatlari”ni to‘xtatishga chaqirildi.

Niderlandiya, Germaniya va Belgiya ham Eronning o‘z mamlakatlaridagi elchilarini vazirlikka chaqirdi.

Eron va Isroil ziddiyatining keskinlashuvi

1 aprel kuni Isroil Damashqdagi Eron konsulligi binosiga havo hujumi uyushtirdi. Hujum oqibatida Eron inqilobi qo‘riqchilari korpusining 7 nafar a’zosi halok bo‘ldi, ulardan ikki nafari general darajasida edi.

Eron Isroilning konsullikka hujumi o‘z hududiga qilingan hujum ekanini va u o‘ch olishini aytdi.

Isroil ham Eron hujumlariga javob berishini e’lon qildi.

14 aprelga o‘tar kechasi Eron Isroilga yuzlab kamikadze dronlari, ballistik va qanotli raketalar bilan hujum uyushtirdi va ba’zi harbiy nishonlarga zarba berilganini aytdi.

Isroil hujumlarning aksariyati havo hujumidan mudofaa tizimlari tomonidan to‘xtatilganini bildirdi, biroq bitta raketa mamlakat janubidagi harbiy bazaga tegdi.

Eslatib o‘tamiz, 14 aprel  kuni Eron Tashqi ishlar vazirligi Isroilga uyushtirilgan ommaviy hujum ortidan Buyuk Britaniya, Germaniya va Fransiya elchilarini chaqirtirgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Frantsiya Eron Isroil

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing