Isroilda yarim million kishi namoyishga chiqdi (video)

Olam

image

G‘azo sektorida garovga olingan olti kishining jasadi topilganidan so‘ng yuz minglab isroilliklar butun mamlakat bo‘ylab namoyishga chiqdi. Bu haqda “The Times of Israel” xabar berdi.

Tashkilotchilarga ko‘ra, Tel-Avivda 300 ming kishi ko‘chaga chiqqan, yana 200 ming kishi boshqa shaharlarda to‘plangan. Crowd Solutions ma’lumotlariga ko‘ra, Tel-Avivdagi namoyishda 280 mingga yaqin odam qatnashgan. Bu oxirgi 18 oydagi eng yirik norozilikdir.

Namoyishchilar Isroil hukumati va Bosh vazir Binyamin Netanyaxudan garovdagi qolganlarni uylariga qaytarish uchun HAMAS bilan sulh tuzishni talab qildi. Mitingda garovga olinganlarning yaqinlari so‘zga chiqdi.

Birlashgan norozilik namoyishidan so‘ng minglab odamlar Ayalon shossesiga chiqdi va uch soat davomida transport harakatini to‘sib qo‘yishdi. Ba’zilar o‘t yoqib, yo‘lga panjara o‘rnatgan, tosh va metall buyumlar qo‘ygan. Politsiya bu harakatni noqonuniy deb e’lon qildi va namoyishchilarni tarqatish choralarini qo‘lladi. Suv to‘plari va shovqinli granatalar ishlatilgan. Bir necha kishi jarohatlangan. Tel-Avivda 30 ga yaqin, Quddusda besh kishi hibsga olingan. Boshqa aholi punktlarida ham hibsga olinganlar bor.

HAMAS harakati ciyosiy byurosi a’zosi Izzat er-Rishkning aytishicha, G‘azo sektorida saqlanayotgan olti isroillik asir Isroil armiyasi eksklavga zarba berganida halok bo‘lgan. U AQSH ma’muriyati va Prezident Jo Baydenni “G‘azo sektoridagi jinoyatlar va buzg‘unchi urush” uchun javobgar deb hisobladi. HAMAS vakili Vashingtonni Isroilga qurol yetkazib berishni to‘xtatishga chaqirdi. 

"Agar AQSH Prezidenti Bayden isroillik mahbuslar hayotidan xavotirda bo‘lsa, u bu dushmanni (Isroilni) pul va qurollar bilan qo‘llab-quvvatlashni to‘xtatishi va bosqinchilarga ularning tajovuzkorligini darhol to‘xtatish uchun bosim o‘tkazishi kerak. HAMAS Baydendan ko‘ra mahbuslarni tirik qoldirishdan ko‘proq manfaatdor edi. Shuning uchun biz uning o‘t ochishni to‘xtatish haqidagi taklifini va BMT Xavfsizlik Kengashining tegishli rezolyutsiyasini qabul qildik. Biroq Netanyaxu ularni rad etdi", deydi Izzat er-Rishk.

HAMAS harakati siyosiy byurosining yana bir a’zosi Xalil al-Xaye esa ayni damda G‘azo sektorida o‘t ochishni to‘xtatish va asirlarni almashish bo‘yicha Isroil bilan real muzokaralar olib borilmayotganini aytdi. Unga ko‘ra, Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu shunday taklif bilan chiqsa, Falastin tomoni kelishuv tuzishga tayyor.

“Hozirda haqiqiy muzokaralar yo‘q. Afsuski, faqat qochish va vaqtni behuda sarflash mavjud. Ikki haftadan beri muzokaralar davom etmoqda, ammo hali ham natija yo‘q. Agar Netanyaxu mahbuslar almashinuvini istasa, biz tayyormiz”, deydi al-Xaye.

Uning qayd etishicha, Netanyaxu muzokaralarning barcha bosqichlarida kelishuvga erishishdan manfaatdor emas. HAMAS vakili muzokaralarning muvaffaqiyatsizligida AQSHni ham aybladi.

“Agar Netanyaxu haqiqatan ham mahbuslar almashinuvini xohlasa, biz buni darhol amalga oshirishga tayyormiz. Muzokaralarning muvaffaqiyatsizligi uchun javobgarlikni Qo‘shma Shtatlar o‘z zimmasiga oladi. Qo‘shma Shtatlar hatto o‘zi bildirgan taklifni ham tezda rad etdi. Mart oyidan beri vositachilar orqali muzokaralar davom etmoqda. Biz o‘t ochishni to‘xtatish, asirlarni almashish, bosqinchilarni G‘azodan olib chiqib ketish va uni qayta qurishga e’tibor qaratdik”, deydi u.

Eslatib o‘tamiz, oldinroq Qohirada Isroil va HAMAS o‘rtasida G‘azo sektorida o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha muzokaralar muvaffaqiyatsiz yakunlangandi.


Maqola muallifi

Teglar

Isroil G'azo HAMAS

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing